O‘zbekiston maktablarida sun’iy intellekt bo‘yicha darslar joriy qilinadi
Jamiyat
−
09 Sentabr 2025 4468 2 daqiqa
O‘tgan yildan boshlab 1-sinflarda axborot texnologiyalari darslari yo‘lga qo‘yildi. Keyingi o‘quv yilidan yuqori sinflar uchun sun’iy intellekt bo‘yicha darslar kiritiladi. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan ta’lim sohasidagi islohotlar ijrosi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, buning uchun 2 mingta sinf xonasiga kompyuter, 6 ming 300 ta interfaol doska kerak. Ushbu maqsadlarga zarur mablag‘larni keyingi yil davlat byudjetida nazarda tutish vazifasi topshirildi.
Iqtidorli o‘quvchilarga sharoit yaratish uchun viloyatlarda axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan Al-Xorazmiy, muhandislik bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek, tabiiy fanlar yo‘nalishida Ibn Sino maktablari filiallari tashkil etiladi.
Endi ularning barchasi hududlardagi texnika oliygohlariga nomma-nom biriktiriladi. Yaxshi natijaga erishgan bitiruvchilar ushbu oliygohlarning 2-kursiga qabul qilinadi.
2026 yilda maktab o‘quvchilari o‘rtasida eng nufuzli ikkita – xalqaro kimyo va informatika olimpiadalari Markaziy Osiyo davlatlari ichida ilk bor O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi.
Bosh vazirga poytaxtda ushbu olimpiadalarni yuqori saviyada o‘tkazish uchun barcha tashkiliy masalalarni nazoratga olish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq joriy yil boshidan xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilar 195 ta medalni qo‘lga kiritgani va ularga oshirilgan stavkada jami 10 milliard so‘m, murabbiy o‘qituvchilariga esa 3,5 milliard so‘m pul mukofoti berilishi xabar qilingan edi.
Live
Barchasi