O‘zbekistonda kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar soni ortmoqda

Biznes

Joriy yilning 19 oktyabr kuni O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi press klubining “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, tovarlarning noqonuniy aylanmasining oldini olish choralari” mavzusida navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar vakillari hamda tadbirkorlar ishtirokida o‘tkazilgan majlisda tovarlarning noqonuniy aylanmasini oldini olish, ayniqsa, farmatsevtika, alkogol va tamaki mahsulotlari kontrabandasiga chek qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Sessiyani olib borgan O‘zLiDeP bo‘lim mudiri Baxtiyor Ruhiddinovning aytishicha, aynan bu mavzuning tanlanishiga sabab farmatsevtika vositalarining jamiyat sog‘ligi bilan bog‘liq ekanligi, shuningdek, so‘nggi kunlarda alkogol va tamaki mahsulotlaridan zaharlanish holatlarining ko‘p uchrayotgani va yoshlar orasida ommalashib borayotganidir.

Mas’ullar esa kurashni boshlashdan avval qonunchiligimizdagi kamchiliklarni tuzatish kerakligini ta’kidlashmoqda. Chunki bu kamchiliklar muammoni hal qilishda ularning oyog‘iga tushov bo‘lib turibdi. 

Shu sababli O‘zbekistonda noqonuniy yo‘l bilan kirib kelgan, sifatsiz dori-darmonlar ulushi ham ortib bormoqda. Masalan, joriy yilning 9 oyi davomida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga 1000 dan oshiq sifatsiz dori-darmonlar bo‘yicha arizalar kelib tushgan va natijada 7000 turdagi sifatsiz hamda qalbaki dori-darmon turlari aniqlangan. Bu haqida Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori maslahatchisi Muhabbat Ibragimova ma’lum qildi. Uning aytishicha, O‘zbekiston farmatsevtika bozorida jami 1 mrlrd 400 mln dollarlik dori-darmon vositalari aylanmoqda. Agar unga noqonuniy sotilayotgan, qalbaki dorilar ham qo‘shilsa, bu raqamlar qanchalik o‘zgarishini aniq aytish qiyin.

Bundan tashqari, Liberal demokratik partiya O‘zbekistonda alkogol va tamaki mahsulotlarining kontrabandasiga to‘xtalib o‘tdi va mas’ullardan bu bo‘yicha izoh oldi. 

Alkogol va tamaki mahsulotlari bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi vakili Komiljon Abdurahimov O‘zbekistonda alkogol kontrabandasiga qaraganda kontrafaktlari juda ko‘p ekanligini aytdi. Tamaki mahsulotlari orasida esa kontrabanda ulushi yuqori turadi.

“So‘nggi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi 4 foizdan 15 foizga oshgan”, dedi Abdurahimov.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan sayyor soliq tekshiruvlarida 2 trln so‘mdan oshiq qiymatdagi jami 154 ming 914 shisha aksiz markasiz, qalbaki alkagol mahsulotlari aniqlangan.

Mazkur ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning ichida aniqlanayotgan raqamlardir. Biroq, mamlakatimiz chegaralarida ham aniqlanayotgan, to‘xtatib qolinayotgan kontrabanda mahsulotlari ham oz emas. Shunday bo‘lsa-da, qalbaki mahsulotlarni olib kirishning uddasidan chiqayotganlar baribir topiladi. 

Tovarlarning noqonuniy  aylanmasiga chek qo‘yish borasida Ichki Ishlar vazirligining ham qiladigan ishlari ancha. Sessiyada ishtirok etgan  Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamentining Korrupsiya va firibgarlik hamda iqtisodiy jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi o‘ta muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Aziz Zokirovning  aytishicha, ulardagi raqamlar ham salbiy ma’noda oshgan.

“Umumiy hisobotlarimizga ko‘ra, 2021 yilda qalbaki dori-darmon vositalarini sotish hamda alkogol, tamaki mahsulotlarining noqonuniy sotilishiga oid jinoyatlar 124 tani tashkil qilgan. 2022 yilda esa bu raqamlar sezilarli darajada oshib 174 tani tashkil qilmoqda”, degan u.

Bosh prokuratura esa noqonuniy tovarlar aylanmasiga, yashirin iqtisodiyotning o‘sishiga xissa qo‘shayotganlarni ayab o‘tirgani yo‘q.  

“Joriy yilning 9 oyi mobaynida 102 ta mazkur yo‘nalishlardagi huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atilgan. Ulardan 67 tasi jinoyat va 35 tasi ma’muriy ishlarga to‘g‘ri keladi”, deya ma’lumot berdi Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi bosh inspektori Dilrabo Kuryazova.

Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekistonda farmatsevtika va alkagol-tamaki mahsulotlari noqonuniy savdosining hufiyona iqtisodiyotdagi ulushi eng yuqori o‘rinda turadi.

Mas’ul tashkilotlar vanihoyat muammolarni baralla aytishni boshladi. Hisobotlarda yaxshilanayotgan yaltiroq raqamlarni emas, yildan-yilga salbiy o‘sib borayotgan statistikani tilga oldi. Bu, albatta, ijobiy holat. Chunki, muammoga tik qarash, uni tan olishning o‘zi ham muammolarning hal etilishi uchun dastlabki qadamdir. Biroq, bu hali yechim degani emas. Qachonki mamlakatda  yashirin iqtisodiyotni keskin qisqartirish, tovarlar noqonuniy aylanmasining oldini olish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, shaffof iqtisodiyot va raqobat muhitini yaratish kabi vazifalar bajarilgandagina maqsadga erishilgani haqida bong ursa bo‘ladi. Bu yo‘lda esa O‘zbekiston Liberal demokratik partiya mana shunday mas’ullarni bir joyga yig‘ib, bir yoqadan bosh chiqarishga, mamlakatimizga kontrabanda va kontrafakt mahsulotlar kirib kelmasligi uchun ularning birgalikdagi sa’y harakatlarini ta’minlashga undab tursa bo‘lgani.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

26

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing