O‘zbekiston koronavirusga qarshi tura oladimi?
Tahlil
−
15 mart 2020
26812Dunyo yaralibdiki, u o‘z boshidan juda ko‘p ofatlarni kechirdi. Bunga Jahon urushlarini, qo‘zg‘alonlar, davlat to‘ntarishlari, terrorchilik harakatlari, tabiiy ofatlarni misol qilib keltirish mumkin. Bu dahshatli hodisalarga turli davrlarda insoniyat hayotiga dahshat solgan kasalliklarni qo‘shsa, mubolag‘a bo‘lmaydi, nazarimizda.
Bugun butun dunyo koronavirusga qarshi kurashmoqda. Dastavval, Xitoyda paydo bo‘lgan ushbu kasallik, ko‘p o‘tmay sayyoraning barcha qit’asiga tarqalib ulgurdi. Okean ortida joylashgan Shimoliy va Janubiy Amerika davlatlari ham, tibbiyot juda ildamlab ketgan Yevropa mamlakatlari ham, Afrikaning olis o‘lkalari ham bu kasallikka mezbon bo‘ldi.
Dunyo nima taxminda?
Koronavirus tarqalishiga oid ko‘plab maqola va eshittirishlar dunyo ommaviy axborot vositalarida e’lon qilina boshladi. Siyosatchilardan tortib, oddiy odamlargacha bu virus qanday kelib chiqqani bo‘yicha o‘z taxminlarini o‘rtaga qo‘ydi. Kimdir buni kimyo kombinatidagi baxtsiz hodisa desa, yana kimdir virus kelib chiqishini xitoyliklarning yashash tarziga bog‘ladi. Ushbu virusni AQSHning biologik quroli sifatida ham talqin qilganlar ham topildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 163 418 kishi koronavirusga chalingan. Virusni yuqtirgan 6086 kishi vafot etgan. Ammo umid butkul so‘nmagan. 76 219 kishi virusni yengib, hayotga qaytgan.
Afsus bilan shuni ta’kidlash lozimki, bugun, 15 mart kuni koronavirus pandemiyasi O‘zbekistonda ham qayd etildi.
O‘zbekiston koronavirus bilan kurasha oladimi?
Shu o‘rinda, aniq ma’lumotlarga tayanamiz. Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus alomatlari, unga chalinmaslik yo‘llari kabi turli foydali mazmundagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston bu muammoni yengish uchun moddiy, tibbiy va ilmiy jihatdan barqaror. Bunga talay misollarni keltirish mumkin. Masalan: xorijdan qo‘shimcha 500 ta sun’iy nafas beruvchi yangi uskuna sotib olingan. Virusologiya va yuqumli kasalliklarni davolovchi shifoxonalar zarur tibbiy ashyolar bilan ta’minlangan.
Shuni aytish mumkinki, mamlakatda bir martalik tibbiy niqobning narxi sun’iy oshib ketishi nazoratga olindi. 3 oy ichida esa O‘zbekistonda niqob ishlab chiqarish 10 baravarga oshirildi va eksporti to‘xtatildi.
Qolaversa, oziq-ovqatlarning narxi keskin oshib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu bo‘yicha tegishli tashkilotlar, jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Davlat soliq qo‘mitasi ish olib bormoqda.
Nima yo‘l tutish kerak?
Avvaloq, vahimaga tushmaslik, dunyodagi ayrim mamlakatlarda kuzatilganidek – oziq-ovqat do‘konlari, dorixonalarga o‘zimizni urishdan tiyilishimiz kerak. Bugun koronavirus haqidagi xabarlar tarqalganidan keyin poytaxt Toshkentdagi ayrim supermarketlarda oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan turnaqator navbatlar, viloyatlar yo‘nalishida qatnayotgan haydovchilarning kira haqini sun’iy oshirishlari – quruq vahimadan o‘zga narsa emas. Bunday vaziyatda ko‘cha-kuyda, bozor-o‘charda tarqalayotgan turli mishmishli xabarlarga ishonish ham yaramaydi. Rasmiy tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilib borilayotgan xabarlarini kuzatib borish, tavsiyalariga amal qilish lozimligi – barchamiz uchun, albatta, yaxshilikka xizmat qiladi.
Shu o‘rinda bir gapni aytib o‘tishni lozim topdik. Koronavirus haqida turli yolg‘on ma’lumotlar tarqatib, aholi ichida vahima ko‘tarishga sababchi bo‘ladigan gap-so‘zlarni yoyib yuruvchi ayrim kimsalarga tegishli jazo qo‘llanilishini eslatib o‘tamiz. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ham ma’lum qildi.
Buyuk hakim Abu Ali ibn Sino shunday degan edi:
“Vahimaning o‘zi yarim kasallikdir.
Xotirjamlik yarim sog‘likdir.
Sabr esa shifoning boshlanishidir”.
LiveBarchasi