O‘zbekiston koronavirus aniqlanmagan davlatga insonparvarlik yordami yubordi
Jamiyat
−
09 aprel 2020
22650O‘zbekiston Tojikistonga koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga ko‘maklashish uchun insonparvarlik yordami jo‘natdi. Yordam O‘zbekiston Prezidentining topshirig‘iga muvofiq yuborildi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Tojikistonga yuborilgan do‘stona yordam koronavirusni bartaraf etish uchun birinchi navbatda ehtiyoj seziladigan tibbiy buyum va vositalar hamda oziq-ovqat mahsulotidan tarkib topgan.
“Insoniyat uchun umumiy ofatga aylangan ushbu kasallikka barcha davlatlar bahamjihat bo‘lib kurashsa, xavfu xatarni tezroq bartaraf etish mumkin. Bu masalaga O‘zbekiston alohida e’tibor bilan qaramoqda. Yon qo‘shnimiz Tojikistonga ko‘rsatilgan yordam ham ana shunday ezgu maqsadga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir”, deydi Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Abramatov.
Insonparvarlik yukida epidemiyaga qarshi kurashda zarur bo‘ladigan himoya kombinezonlari va ko‘zoynaklari, suyuq natriy gipoxloridi, respiratorlar, qo‘lqop hamda pirometrlar, shuningdek, un mahsulotlari bor.
Bugun insonparvarlik yordami yuklangan poyezd Surxondaryo viloyatidan Dushanbe shahriga jo‘nab ketdi.
O‘zbekiston bugungacha koronavirusga qarshi kurashda ko‘maklashish uchun Xitoy, Eron, Afg‘oniston va Qirg‘izistonga insonparvarlik yordamlari ko‘rsatdi.
Ma’lumot uchun, Tojikistonda bugungacha koronavirus bilan bog‘liq holat rasman tasdiqlanmagan.
LiveBarchasi