O‘zbekiston KXSHTga qaytishi mumkinmi? Rossiya bunga nima deydi?

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekistonning Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga qaytish bo‘yicha har qanday qarorini olqishlaydi. Bu haqda Rossiyaning KXSHTdagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha elchisi, doimiy vakili Mikael Agasandyan aytib o‘tdi.

“Biz O‘zbekistonning KXSHT va unga a’zo davlatlar bilan o‘zaro hamkorlik parametrlari hamda modeli bo‘yicha suveren tanlovini hurmat qilamiz. Toshkent 2012 yilda tashkilotga a’zolikni to‘xtatganiga qaramay, biz u bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash hamda harakatlarni umumiy foydali muvofiqlashtirish muhimligidan, shuningdek Afg‘onistondagi murakkab vaziyatni hisobga olamiz. O‘zbekiston bizning yaxshi va ishonchli hamkorimiz hamda KXSHTga a’zo davlatlar uchun do‘st mamlakat bo‘lib qolmoqda”, deydi Agasandyan.

Uning ta’kidlashicha, Prezident Mirziyoyevga joriy yilning 23 avgust kuni bo‘lib o‘tgan KXSHTning navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etish taklifi va unga minnatdorlik bilan javob bergani ana shunday prinsipial yondashishga sabab bo‘lgan. 

“Shubha yo‘qki, Toshkentning tashkilotimizga nisbatan har qanday qadami, jumladan, unga to‘laqonli a’zolikni tiklashini ham biz faqat mamnuniyat bilan qabul qilamiz”, deya qo‘shimcha qilgan diplomat.

Avvalroq, Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov O‘zbekiston rasmiylari hozirda KXSHTga qaytish zaruriyatini ko‘rmayotgani, Rossiya va Markaziy Osiyo davlatlari bilan birgalikda terrorchilik tahdidlarini aniq belgilashni muhim vazifa deb bilishini aytgandi.

KXSHT qanday tashkilot?

KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan

Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

KXShT

Baholaganlar

705

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing