O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
09:21 1580 1 daqiqa
O‘zbekiston xalq shoiri Sharifa Salimova bugun, 5 avgust kuni 75 yoshida vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar qildi.
Sharifa Salimova 1951 yil 30 dekabr kuni Toshkent viloyatining Parkent tumanida tavallud topgan. U Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti)ning jurnalistika fakultetini tamomlagan. 1974–1987 yillarda O‘zbekiston teleradiokomiteti, 1989–1994 yillarda “Saodat” jurnali hamda “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlagan, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ham faoliyat yuritgan.
Shoira “Hayot zavqi”, “Mening bahorim”, “Xizr bulog‘i”, “Tongga qasam”, “Giyohlar bilan tillashgan inson” va “Vatan suvrati” kabi she’riy to‘plamlar muallifi hisoblanadi. U rus, qozoq, qirg‘iz shoirlari ijodidan ham tarjimalar qilgan. Xususan, u nemis shoiri Hadayatulloh Hyubsh she’rlarini o‘zbekchaga o‘girib, “Oq atirgul” nomi bilan nashr ettirgan.
Sharifa Salimova 1994 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.
Joriy yilning 28 may kuni esa shoiraga “O‘zbekiston xalq shoiri” faxriy unvoni berilgandi.
QALAMPIR.UZ marhumaning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.