O‘zbekiston Qo‘shtepa kanali qurilishida “Tolibon”ga nega yordam bermoqchi?

Tahlil

Uzunligi 285 km, eni 100 metr, chuqurligi 8,5 metr bo‘lishi rejalashtirilgan, o‘tkazuvchanligi soniyasiga 650 kubometrni tashkil qilishi kutilayotgan kanal O‘zbekiston uchun katta muammo keltirib chiqarishi mumkin. Ha, anglaganingizdek, gap Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali haqida ketmoqda. 

Mutaxassislar mazkur kanalning qurilishi shusiz ham suv tanqisligi tobora kuchayib borayotgan Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston uchun suv havzasi bilan bog‘liq vaziyatni keskinlashtirishidan xavotirlanmoqda. 

O‘zbekiston esa “Tolibon”ning mazkur loyihasini qo‘llab-quvvatlabgina qolmasdan, unga kanal qurilishida yordam qo‘lini cho‘zmoqchi. Xo‘sh, bunga sabab nima? Bu haqda birozdan so‘ng to‘xtalamiz. Hozir esa bir necha oy oldingi voqealarni eslasak. 

Ma’lumki, shu yilning mart oyida O‘zbekiston Prezidentining tashqi siyosat bo‘yicha maxsus vakili Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga borgan va u yerda “Tolibon” Muvaqqat hukumati Bosh vaziri o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mulla Abdul G‘ani Barodar bilan uchrashgandi. O‘sha paytda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda uchrashuvda suv-energetika sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratilgani aytilgan bo‘lsa, Mulla Abdul G‘ani Barodarning Twitter’dagi sahifasida O‘zbekiston delegatsiyasi Qo‘shtepa kanali loyihasini yakunlashda “Tolibon” bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirgani ma’lum qilindi. 

Mana 3 oydirki, O‘zbekiston hukumati na mazkur tashrif, na Qo‘shtepa kanali haqida qo‘shimcha ma’lumot bergani yo‘q edi. Kuni kecha, 20 iyunda delegatsiya tarkibida Afg‘onistonga borgan O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev “Tolibon” vakillari bilan uchrashuv qanday o‘tgani haqida gapirdi.

“Biz Afg‘onistonga 22 martda maxsus samolyotda uchib bordik. Biz Qobul aeroportiga qo‘ndik. Bizni juda yaxshi kutib olishdi. “Tolibon” tomonidan Bosh vazir o‘ribosari Mulla Barodar boshchiligida energetika-suv xo‘jaligi vaziri (u yerda shunday deyiladi), qishloq xo‘jaligi bo‘yicha vaziri, moliya vaziri o‘rinbosari va boshqa delegatsiya a’zolarini qabul qildi. Bilasizlarki, bu hukumatlararo aloqalar emas. O‘zbekiston hukumati va “Tolibon” orasida shartnomalar yo‘q. Lekin ular boshqaryapti hozir. Shuning uchun biz ham do‘stona tashrif buyurdik”, dedi Shavkat Hamroyev matbuot anjumanida. 

Uchrashuv davomida O‘zbekiston delegatsiyasi o‘z tashvishini bildirgan. “Tolibon” ham o‘z qarashlarini tushuntirgan.

“Biz, albatta, aytdik: mana shu kanalni quryapsizlar. Biz pastda o‘zimiz suvga qiynalyapmiz. Biz o‘zimizni tashvishimizni bildirgani keldik. Tashvishlaringizni tushunamiz dedi. Lekin bizni vaqtida inglizlar, keyin SSSR, so‘ngra Amerika bosib olgan. Hamma bizni talon-taroj qilib, bizga hammasi dushmanlik qilgan, hozir ham ko‘p davlatlar bizni tan olmaydi, hozir ham qiynalyapmiz, bizning ko‘p mablag‘larimiz muzlatilgan, dedi ular. Lekin biz yeyishimiz kerak, xalqimiz och, narsa ekishimiz kerak, deb tushuntirdi. Biz ham tashvishimizni aytdik. Mana suv olding, Amudaryodan suv ko‘tarilib, 300 ta xonadonni bosib ketgan, dedik. Ya’ni ko‘p xato-kamchiliklar bor. Bizda aqlli loyihachilar bor, loyiha institutlari bor. Birgalikda qilaylik, deb taklif qildik”, deya uchrashuvlar mazmunini ochiqladi vazir.

Shuningdek, vazir Hamroyev Qo‘shtepa kanali qurilishi borasida ommaviy chiqish qilmayotganining sababini ham izohladi. 

“Tashqi kuchlar kanal tufayli ikki mamlakat urushib qolishini xohlaydi. Men nima uchun bu mavzuda ko‘p gapirmayman, sizlar ham buni ehtiyotkorlik bilan yoritishingizni so‘rayman? Men bu loyiha bo‘yicha juda ko‘p narsa bilaman. Hozir gapiraversam, ko‘p gaplar Afg‘oniston va O‘zbekistonning nizosiga aylanib ketishi mumkin. Shundan ehtiyot bo‘lishni so‘rayman. Chunki biz baribir do‘stona xalqmiz. Biz shunday niyat qildik, ular niyatimizga qo‘shildi: bu kanal ikki xalqni urishtiradigan emas, birlashtiradigan do‘stlik kanali bo‘lsin. Bizam yordam beraylik”, dedi Suv xo‘jaligi vaziri.

E’tiborli jihati shundaki, Qo‘shtepa kanali qurilishiga doir har xil manbalarda turlicha raqamlar keltirilmoqda. Shavkat Hamroyev bu boradagi fikrlari bilan ham o‘rtoqlashdi.

“Kanal qurilishi bilan bir xil variantlarda 120 ming gektar yer o‘z oqimi bilan suv ichishi aytilgan bo‘lsa, yana boshqa variantda 225 ming gektar sug‘orilishi aytiladi. Ko‘p joyda o‘qisangiz, 600 ming gektar to‘g‘risida gap boradi. Yo‘q unaqa narsa, bo‘lmaydi 600 ming gektar. Biz variantlarni o‘rganishimiz bo‘yicha taxminan 225 ming gektar yer o‘z oqimi bilan sug‘orilishi mumkin, 50 ming gektarni nasos bilan ko‘tarish mumkin. Aytaylik 300 ming gektar. Endi raqamlarni qarang. Aytilyaptiki, kanaldan 10-13 mlrd kub suv olinarmish. Lekin, masalan, 12 mlrd kub olinadi desak, bu 1 gektarga 40 ming kubni tashkil etadi. 40 ming kub suvni 1 gektar yer icha olmaydi. Sholi ekilgan taqdirda ham 1 gektarga 30 ming kub suv ketadi. Birinchidan, 100% sholi ekmaydi. Ikkinchidan, boshqa ekinlar, kanallarni o‘tkazish qobiliyati va boshqalarga qarab taxminan suv olish 4 mlrd kub atrofida bo‘ladi. 5 yil ichida birinchi darajali ishlarni qilsa, keyinchalik borib-borib 10 mlrd kubga chiqishi mumkin. Bizning vazifamiz, mening o‘ylashimcha, 4-5 mlrd suvni olginu, shu bilan 200-250 ming gektarni sug‘orish imkoning bo‘ladi, degan muloqotlarga asta-sekin tayyorlab boyapmiz”, dedi Shavkat Hamroyev. 

Endi yuqoridagi mavzuga qaytsak. Xo‘sh, O‘zbekiston nega Ko‘shtepa kanali qurilishini qo‘llab-quvvatlash niyatida? Suv xo‘jaligi vazirining aytishicha, “Tolibon”ni kanal qurilishini to‘xtatishga majburlashning iloji yo‘q. Shuning uchun ham O‘zbekiston do‘stona aloqalarni saqlagan holda loyihaga o‘z hissasini qo‘shib, buning ortidan keladigan muammolarni yengillatmoqchi. Buning uchun esa O‘zbekiston yaqin kunlar ichida Qo‘shtepa kanali qurilishi loyihasiga o‘z ishchi guruhini jo‘natadi. 

“Aniq chora-tadbir qilish uchun ikki tomonlama ishchi guruh tuzamiz dedik. Mana ikki tomonlama ishchi guruh endi tuzilyapti. Biz boryapmiz. Bugun men o‘zi Afg‘onistonga boraman deb kelgan edim. Ularni kutyapmiz. Ularning hal qiluvchi odamlari boshqa shaharda ekan, Qobulga kelishini kutyapmiz. Biz yaqinda boramiz. TIVdan bizning guruh ularga yuborilgan. Ular ma’qullagan. Aniq kunini aytamiz degan”, dedi vazir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib O‘zbekiston qabul qiladigan 50 milliard kub suvning 15 milliardi yo‘qoladi. Biroq vazirning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali qurilsa ham, qurilmasa ham bu yo‘qotish bo‘ladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham muammo bor.  Uning yechimi esa butun mintaqaning kelajagiga ta’sir qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston O'zbekiston Tolibon Qo'shtepa kanali Shavkat Hamroev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing