O‘zbekiston qo‘shinlari dronlar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda
Jamiyat
−
26 dekabr
52022024 yilda O‘zbekistonda jangovar shaylik tadbirlari o‘tgan yilga nisbatan 1,5 barobarga ko‘payib, qo‘mondonlik tarkibining kasbiy tayyorgarligi oshirildi. Bu haqda 24 dekabr kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, qo‘shinlarda operativ tayyorgarlik tadbirlari hamkorlikdagi kuch tuzilmalarini keng jalb qilgan holda tashkil etilgan. AQSH, Hindiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston armiyalari bilan hamkorlikda o‘quvlar o‘tkazilgan.
“O‘quvlarda asosiy e’tibor zamonaviy janglarda yangi qo‘llanilayotgan uchuvchisiz uchish apparatlarini qo‘llashga, ularga qarshi kurashish va boshqaruv mahoratini oshirishga, strategik, operativ va operativ-taktik bo‘g‘inlarda bo‘linmalar tomonidan yangi taktik harakatlar o‘zlashtirilishiga qaratilgan”, deyiladi Senat saytida e’lon qilingan majlis bayonotida.
Shuningdek, 2024 yilda jangovar mutaxassislik bo‘yicha Ozarbayjon, Qozog‘iston va Turkmanistondan tashrif buyurgan harbiy xizmatchilar o‘qitilgan.
Mudofaa vazirligi “Avtomatlashtirilgan axborot tizimi va ma’lumotlar bazasi” axborot tizimining “Chaqiruv” tizimosti dasturi barcha mudofaa ishlari boshqarma va bo‘limlariga tatbiq qilinib, elektron ma’lumotlar almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan. Ichki ishlar vazirligining “Manzil”, Adliya vazirligi huzuridagi “Xorijga chiqish pasporti”, “Yoshlar balansi” hamda “Elektron hukumat” platformalari integratsiya qilinib, harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilarga oid ma’lumotlar elektron bazasi yaratilgan.
LiveBarchasi