O‘zbekiston Qozog‘istonga sug‘orish mavsumi tugagunicha 500 mln kubometr suv beradi
Olam
−
09 avgust
4075O‘zbekiston sug‘orish mavsumi tugaguniga qadar Qozog‘istonga yana 500 million kub metr suv beradi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vazirligiga tayanib, “Kazinform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 1 aprelidan buyon O‘zbekiston Sirdaryo orqali Qozog‘istonga 4 milliard kub metrdan ortiq suv bergan. Bungacha Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov O‘zbekiston bilan olti oy ichida Sirdaryo orqali Qozog‘istonga 3,7 milliard kub metr suv berish bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Natijada O‘zbekiston 4 oy ichida kelishilgan miqdorda suv bergan.
“Bu ishlarning barchasi mamlakat janubiy viloyatlari fermerlarining sug‘orish suviga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish maqsadida amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda Chordara suv omborida 1,5 milliard kub metr suv mavjud bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan qariyb 500 million kub metrga ko‘pdir. Chordara suv omboriga jami 4 milliard kub metr suv kelib tushdi”, deyilgan xabarda.
Ushbu suv omboridan Sirdaryoning quyi oqimiga 4,5 milliard kub metr suv oqizilgan. Bu 2023 yilga nisbatan 1 milliard kub metrga ko‘pdir. Qizilqum kanaliga 850 million kub metr, Shimoliy Orol dengiziga 590 million kub metr suv oqizilgan.
“Qo‘shnilarimiz bilan Toqtog‘ul va Bahri-Tojiq suv omborlarining ish tartibi bo‘yicha dastlabki kelishuv natijasida “Do‘stlik” davlatlararo kanalining Qozog‘iston qismiga suv muntazam ravishda oqib kelyapti. Endi bu kanal orqali mamlakatga sekundiga 90 kub metr suv keladi. Bu Turkiston viloyati fermerlarini sug‘orish suvi bilan to‘liq ta’minlash uchun yetarli”, degan Suv resurslari va irrigatsiya vazirligi rasmiy vakili Mo‘ldir Abdualiyeva.
LiveBarchasi