O‘zbekiston Qorabog‘da maktab qurmoqchi
Jamiyat
−
13 aprel 2021
8685O‘zbekiston 30 yil deganda Armaniston ishg‘oli ostidan Ozarbayjonga o‘tgan Qorabog‘da tuhfa sifatida maktab quradi. Bu bo‘yicha aniq kelishuv mavjud Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asad Xo‘jayev “Sputnik”ka bergan intervyusida ma’lum qildi. Xo‘jayev ishg‘oldan ozod qilingan Ag‘dam shahriga tashrif buyurgan.
Xo‘jayevning aytishicha, Qorabog‘ mojarosi Ozarbayjon yerlariga katta baxtsizlik va vayrongarchiliklar keltirgan, hozir Ozarbayjon o‘z rivojlanishining yangi bosqichiga o‘tmoqda, ozod qilingan hududlarida infratuzilmani qurish va tiklash bilan bog‘liq ko‘plab ishlar olib borilmoqda.
"Bu yerda bitta masjiddan tashqari deyarli hamma narsa vayron qilindi va jahon hamjamiyati bunga e’tibor qaratishi kerak", deydi Xo‘jayev.
Xo‘jayevning fikricha, Turkiy kengash davlatlari ozod qilingan hududlarni tiklash va qurilish ishlarida faol ishtirok etishadi. O‘zbekiston ham bu yerlarning infratuzilmasini rivojlantirishda o‘z yordamini taklif qilgan.
"Ayni paytda biz tiklash jarayonida ishtirok etadigan ob’ektlar ro‘yxatini mutaxassislar bilan belgilab olmoqdamiz. Bilishimcha, bitta maktabni qurish to‘g‘risida kelishuv mavjud bo‘lib, u Ozarbayjon xalqiga O‘zbekistondan tuhfa sifatida taqdim etiladi. Bunday ob’ektlar ro‘yxati aniqlanib, kelishib olinmoqda", deb ta’kidladi Xo‘jayev.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi AOKA direktori Asadjon Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ozarbayjonning Baku shahrida 9-11 aprel kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a’zo davlatlar axborot va media sohasi mutaxassislari yig‘ilishida ishtirok etgan.
Orzugul Karimova
LiveBarchasi