O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston “Qambarota GES-1” bo‘yicha kelishib oldi
Olam
−
28 may 2025 5421 2 daqiqa
Joriy yilning 26-27 may kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Qambarota GES-1” loyihasi bo‘yicha ikkinchi vazirlar darajasidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston Energetika vazirliklari rahbarlari hamda Jahon banki vakillari ishtirok etgan. Xususan, Qozog‘iston Energetika vaziri Yerlan Akkenjenov, Qirg‘iziston Energetika vaziri Taalaybek Ibrayev va O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qatnashgan. Tomonlar yangilangan texnik-iqtisodiy asoslama, ekologik va ijtimoiy baholashlar, smeta, energiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va barqaror moliyalashtirish modellarini muhokama qilgan.
Qayd etilishicha, uch davlat hukumati loyihani tayyorlashda Jahon bankidan texnik yordam so‘ragan. Bank vakillari o‘z navbatida mintaqaviy davlatlar o‘rtasidagi yuqori darajadagi hamkorlikni e’tirof etib, ularni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan.
“Uchrashuv yakunida tomonlar loyiha bo‘yicha keyingi bosqichlarni amalga oshirish hamda vazirliklar darajasidagi muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, “Qambarota GES-1” – quvvati 1860 megavatt bo‘lgan, Qirg‘izistonning Norin daryosida qurilishi rejalashtirilayotgan yirik gidroelektr stansiyasi bo‘lib, u Markaziy Osiyoda energetik xavfsizlikni mustahkamlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan muhim mintaqaviy tashabbus o‘laroq ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili iyun oyida Vena shahrida bo‘lib o‘tayotgan xalqaro investitsiya energetika forumida “Qambarota GES-1” qurilishi bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi Donor qo‘mitasi tuzilgandi. Qo‘mita tarkibiga quyidagi moliya institutlari kirgan: Jahon banki, OPEK jamg‘armasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiya banki, Islom taraqqiyot banki, Qayta qurish va taraqqiyot uchun Yevropa banki va boshqalar.
Live
Barchasi