O‘zbekiston isib bormoqda: nega anomal havo tez-tez takrorlanyapti?

Intervyu

image

Iqlim o‘zgarishi inson sog‘lig‘i oldida turgan eng katta tahdiddir. Ta’sirlar allaqachon havoning ifloslanishi, kasalliklar, ekstremal ob-havo hodisalari, majburiy ko‘chirish, oziq-ovqat xavfsizligi va ruhiy salomatlikka bosim orqali sog‘liqqa zarar yetkazmoqda. Har yili atrof-muhit omillari 13 millionga yaqin odamning hayotiga zomin bo‘ladi.

Dunyoda biror soha qolmadiki, iqlim o‘zgarishi o‘z ta’sirini o‘tkazmagan bo‘lsa. Mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda iqlim o‘zgarishi, uning sabab va oqibatlari, qolaversa, O‘zbekistonning ekologiyani asrash yo‘lida tutayotgan strategiyalari o‘zini qanchalik oqlashi haqida mutaxassislardan fikr oldik.

Iqbol Ergashova, muxbir.: — Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda o‘zini qanday namoyon qilmoqda?

Erkin Abdulahadov, iqlimshunos.: — Iqlim o‘zgarishi bu insoniyat uchun yangilik emas, ya’ni bizning sayyoramiz yaralibdiki, juda sovuq va juda issiq davrlarni boshdan kechirgan. Hattoki, Antarktikada ham yashillik davri va hayot bo‘lgan. Lekin XVII-XVIII asrlardan keyin — inson hayoti va yashash darajasi rivojlanib, sanoat inqilobi yuzaga kelgani fonida iqlim o‘zgarishi tezlashib ketdi va hozirgi vaziyat oxirgi 300-500 yil uchun juda yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ba’zi mutaxassislar buning sababi antropogen (inson faoliyati) omillari desa, boshqa birlari bu tabiiy jarayon (atmosfera qatlamida suv bug‘ining ortishi) degan fikrni olg‘a suradi. Lekin har ikki qarashdagi iqlimshunoslar ham harorat avvalgidan tezroq isib borayotganini ta’kidlaydi. O‘z-o‘zidan tushunarliki, biz azaldan o‘rgangan muhit va ob-havo sharoitlari o‘rnini boshqalari egallab bormoqda. Bu jarayon har xil mavsumning noodatiy o‘zgarib borishida ko‘rinadi. Masalan, O‘zbekiston sharoitida haroratning ko‘tarilib ketishi yoz va qish oylarida sezilarli, bahor va kuzda deyarli sezilarsiz tarzda kechmoqda. O‘zimiz ham kuzatyapmizki, hozir qishda qor yog‘ishi kamaygan, odamlar ham shapka-sharfsiz, qo‘lqopsiz bemalol sovqotmasdan yuribdi. Oldin bunday bo‘lmagan, asosiy qish kunlarida qalin-qalin kiyinib yurganmiz, hozir esa yupun kiyimda bemalol yuribmiz. Demak, harorat iliq. Yoz oylari ham o‘tmishdagilarga nisbatan 2-3 daraja yuqori. Umumiy qilib aytganda, O‘zbekiston havo haroratida ko‘p yillik iqlimiy me’yorga nisbatan 1,5-2 darajaga ko‘tarilish mavjud. Butun dunyoda 1,5 daraja, bizda esa joylashuvimizdan kelib chiqib, 2 daraja deyish mumkin, ya’ni boshqa hududlarga nisbatan sal yuqori.


Ma’lumot uchun, O‘zbekiston iqlimi – keskin o‘zgaruvchan kontinental iqlim. Respublika hududining deyarli 4/5 qismi yarimcho‘l va cho‘lliklardan, qolgan qismi janubiy-sharqiy va sharqiy hududlarda baland tog‘liklardan iborat. O‘zbekistonda kontinental iqlimning paydo bo‘lishida uning geografik o‘rni, quyosh radiatsiyasi hamda atmosfera sirkulyatsiyasi ta’sir etadi. Asosan uzoq qurg‘oqchilik, issiq yoz, yomg‘irli bahor va noustuvor qishni tashkil etadi. Mamlakat hududiga turli havo oqimlarining kirib kelishi uchun juda oson hudud hisoblanadi


I.E.: — Anomal ob-havo sharoitlari nega bu qadar tez-tez takrorlanyapti?

E.A.: — O‘tmishda mavjud ob-havo sharoitlari o‘rniga har xil ko‘rinishdagi, qisqa va uzoq davom etadigan boshqalari kelishi anomaliya deyiladi, bu so‘z o‘zbekchada g‘ayritabiiy degan ma’noni bildiradi. Meteorologiyada so‘nggi o‘ttiz yillikda kamdan-kam kuzatilgan hodisalar g‘ayritabiiy sifatida ta’riflanadi. Masalan, Misr va Shimoliy Afrika hududlarida kutilmaganda qor yog‘ishi kuzatilmoqda, lekin bu umumiy sovuq kelayotganini anglatmaydi. Yil davomida butun dunyoda iliq va issiq ob-havo saqlansa-da, havo oqimlari fizikasining o‘zgarishi oqibatida ba’zi joylarda noodatiy jarayonlar kuzatilmoqda. Demoqchimanki, anomal hodisalar faqat O‘zbekistonda emas, butun dunyoda ko‘paygan. O‘zbekiston okeanlardan ancha uzoqda — quruqlik markazida joylashgani sababli sel va toshqin bilan bog‘liq boshqa anomal vaziyatlar ko‘paygani yo‘q yoki juda kam uchramoqda. Shuningdek, uzoq muddatli anomal sovuq yoki issiq havo bilan hali to‘qnash kelmadik. To‘g‘ri, bir-ikki yilda anomaliya sodir bo‘ldi, masalan, 2023 yil yanvar oyida uzoqroq davom etgan anomal sovuq kuzatilgan, lekin umumiy ma’noda, turli anomal hodisalarga moyil hudud emasmiz. Faqatgina bir anomaliya ko‘proq kuzatilmoqda, u ham bo‘lsa chang bilan bog‘liq. Bu havoda chang massasining ortishi yoki chang bo‘ronlarining ko‘payib ketishi kabilarda ko‘rinadi. Afsuski, so‘nggi vaqtlar mintaqada oxirgi yuz yillikda juda kam uchraydigan hodisalar yil o‘tgani sari tez-tez kuzatilmoqda, ayniqsa, chang va qurg‘oqchilik bilan bog‘liq jarayonlar.


Ma’lumot uchun, 2021 yil 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘lib, ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaygan. Oqibatda atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 5 barobar oshgan. Shundan so‘ng, Gidrometeorologiya markazi O‘zbekistonda 150 yil davomida bunday chang kuzatilmaganini ma’lum qilgandi.



Iqlim o‘zgarishi tezlashishiga asosiy sabablardan biri bu issiqxona gazlaridir. Ya’ni atmosferada to‘planib, yer yuzasidan chiqayotgan issiqlikni ushlab turuvchi issiqxona gazlari sayyoramizning haroratini tabiiy ravishda oshiradi. Bu jarayon issiqxona effekti deb ataladi. Qayta ishlanmasligi, metan gazi chiqarishi yoki yoqib yuborilishi (poligonlarda noto‘g‘ri jarayonlarning olib borilishi) oqibatida chiqindilar ham issiqxona effekti orqali iqlim o‘zgarishiga katta hissa qo‘shadi.


Iqbol Ergashova, muxbir.: — Jamiyatning chiqindini saralash va ekologik madaniyatini qanday oshirish mumkin? Sizningcha, bu borada “Bir million yashil oila” umummilliy harakati qanchalik ish beradi?

Nargis Qosimova, ekojurnalist.: — Chiqindi saralash madaniyatini avvalo, oiladan boshlash lozim, shundagina bu o‘z samarasini berishi mumkin. Faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsam, O‘zbekistonda 20-22 foiz chiqindi qayta ishlanadi, qolgani poligonga olib borib, tashlanadi. Afsuski, chiqindi poligonlari xalqaro standartlarga javob bermaydi, chiqindilar asosan ko‘mib tashlanadi. Ko‘milmaganlari esa devor yo‘qligi uchun shamol esganda, uchib atrofda juda xunuk manzara hosil qiladi. Ko‘milgan taqdirda ham chiqindilar yoz payti issiq havo ta’sirida metan gazini hosil qilib, yonib ketishi oqibatida atmosferani ifloslantirishga “hissa qo‘shishi” ham katta muammo bo‘lib turibdi.

N.Q.: — Odamlar haqida gapirsam, ko‘pchilik “chiqindilarni saralagan taqdirimizda ham, ular baribir bitta joyga tashlanadi-ku”, degan fikrni aytadi. Tan olish kerakki, bu deyarli haqiqat. Ammo chiqindilarni saralamaslik va qayta ishlamaslik ekologiya uchun katta muammolar keltirib chiqaradi. Shunday ekan, bu masalani qanday hal qilish mumkin? Avvalo, jarimalarni ko‘paytirish kerak, chunki xalqimiz “cho‘ntakka urilganda” harakatga tushadi. Masalan, transport sohasida jarimalar ko‘paytirilgani ortidan holat ancha tartibga keldi. Chiqindi masalasida ham xuddi shunday chora ko‘rish kerak. Bundan tashqari, bog‘chalardan boshlab ekologik bilim berilishi zarur, afsuski, bizda ekologiyaga oid fanlar na bog‘chada, na maktabda mavjud. Shu masala bilan Maktab va maktabgacha ta’lim vazirligiga murojaat qilganimizda, ular bizga ekologiyani boshqa fanlarga integratsiya shaklida olib borish yo‘lga qo‘yilayotganini bildirdi.  Ya’ni, bir qancha fanlarga 1-2 soatdan ekologiya soatlari qo‘shilgan. Ammo masalaning boshqa tomoni ham bor — fan o‘qituvchilari o‘z darslarini o‘tadi, ularning ekologiyadan xabari bo‘lmasligi mumkin. U holda ajratilgan soatlar besamar ketadi. Demakki, ekologiya alohida fan sifatida kiritilishi shart va har bir sinfning o‘zlashitirish layoqatiga qarab, bosqichma-bosqich murakkablashtirib borilishi kerak. Bu aholi o‘rtasida chiqindini saralashga doir madaniyatni oshirishning asosiy yo‘llaridan biri. Toki odamlar ekologiyadan to‘g‘ri ta’lim olmas ekan, chiqindilarning inson kelajagiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini o‘ylab ham ko‘rmaydi.


Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 6,8 million tonna maishiy chiqindi hosil bo‘ladi. So‘nggi yillarda sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan mahallalar soni 90 foizdan oshdi. Lekin chiqindilarni qayta ishlash darajasi yuqori emas. Hozirda bunday korxonalar 313 ta xolos.


N.Q.: — Davlat dasturiga kiritilgan “bir million yashil oila” umummilliy harakati haqida gapiradigan bo‘lsam, bu yaxshi g‘oya, effekt ham berishi mumkin, lekin men uni 100 foiz deb o‘ylamayman. Chunki bizda ekologik madaniyat, xabardorlik va ekologik ong to‘liq shakllanmagan. Shuning uchun umummilliy harakat o‘z samarasini tezda bermasligi mumkin. Ta’kidlash kerakki, harakat doirasida rag‘batlantirish ko‘zda tutilgani yaxshi, lekin haqiqiy “yashil oila” elektromobilni oladimi, yo‘qmi, chunki ishga korrupsiya aralashishi ehtimoli ham yuqori. Hozirdanoq ko‘pchilikda shu fikr mavjud. Jurnalist o‘laroq bu harakatning unchalik “ish berishiga” shaxsan men ishonmayman.


Fakt: 2024 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bosh vazir lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqish va Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi muhokamasiga bag‘ishlangan majlisda Shavkat Mirziyoyev 2025 yilni “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif qildi. Yig‘ilganlar ushbu tashabbusni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.


I.E.: — Ekofaol o‘laroq, “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb nomlangan 2025 yildan kutilmalaringiz qanday?

N.Q.: — Yilning bunday nomlanishi, yillik dastur qabul qilinishi O‘zbekiston uchun juda katta hodisa. Men bundan juda ham xursandman. O‘ylaymanki, kelgusi yillarning ham har biriga aynan ekologiya qo‘shilsa yaxshi bo‘lardi. Masalan, “yoshlar va ekologiya” yili, “tadbirkorlik va ekologiya” yili yoki “ta’lim va ekologiya” yili kabi. Mazkur yilda esa ekologiyaga e’tibor qaratilib, aholimizda ekologik ong shakllanadi, degan umiddaman.


Maqola muallifi

Teglar

ekologiya iqlim o'zgarishi qurg'oqchilik chang erkin abdulahadov nargis qosimova

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing