O‘zbekiston inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tadi – Prezident farmoni
Jamiyat
−
19 noyabr 2019
7202O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 18 noyabr kuni “Inflyatsion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich o‘tish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Unga ko‘ra, Markaziy bank inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazadi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni
Inflyatsiya darajasini yanada pasaytirish borasidagi chora-tadbirlarning amalga oshirilishi aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy o‘sish uchun sharoitlar yaratishga qaratilgan iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
Xalqaro tajriba bozor iqtisodiyoti sharoitida pul-kredit siyosatini yuritishning samarali usullaridan biri inflyatsion targetlash rejimi ekanligini ko‘rsatmoqda, bunda pul-kredit bozoridagi markaziy bankning faol ishtiroki, shuningdek, iqtisodiy rivojlanishning muntazam tahlili va davlat siyosati rejalarining keng yoritib borilishi inflyatsiyaning miqdoriy maqsadlariga erishishni ta’minlaydi.
Shu bilan birga, inflyatsion targetlash rejimini joriy etish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Vazirlar Mahkamasining quyidagi yo‘nalishlarga qaratilgan muvofiqlashtirilgan tayyorgarlik ishlarini talab etadi:
• inflyatsiyaning nomonetar omillari rolini bosqichma-bosqich pasaytirish, shu jumladan, tariflarni tartibga solishni isloh qilish, iqtisodiyotning real sektorida tarkibiy iqtisodiy islohotlar samaradorligini ta’minlash va ichki bozorni iste’mol tovarlari bilan to‘ldirish;
• Markaziy bankning makroiqtisodiy tahlil va kommunikatsiya siyosati sifatini oshirish;
• regulyatorning kredit bozoriga samarali ta’sir etishini ta’minlab beruvchi, pul bozorini tartibga solishning yangi instrumentlarini joriy etish.
Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash uchun iqtisodiyotni tartibga solishning bozor mexanizmlari va instrumentlarini qo‘llashni kengaytirish, shuningdek, pul-kredit siyosati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki inflyatsiya darajasini 2021 yilda 10 foizgacha pasaytirish hamda 2023 yilda 5 foiz darajadagi doimiy inflyatsion maqsadni (target) o‘rnatish yo‘li bilan 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab pul-kredit siyosati mexanizmlarini bosqichma-bosqich inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazishni ta’minlasin.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit siyosatining asosiy tamoyillari etib belgilansin:
• inflyatsiyaning doimiy amal qiladigan maqsadini belgilash va uni keng jamoatchilikka yetkazish;
• pul bozoridagi foiz stavkalarini tartibga solish va inflyatsion jarayonlarni boshqarish maqsadida pul-kredit siyosatining keng qamrovli instrumentlarini qo‘llash;
• pul-kredit siyosati sohasida ob’ektiv qarorlar qabul qilish maqsadida ichki va tashqi bozorlarda mavjud bo‘lgan ochiq ma’lumotlarni hisobga olgan holda batafsil makroiqtisodiy tahlil va prognozlarni amalga oshirish;
• pul-kredit siyosati maqsadlarini keng jamoatchilikka yetkazish, makroiqtisodiy holatning oldindan ko‘ra bilinishini ta’minlash va bozor ishtirokchilari ishonchini shakllantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki inflyatsion targetlash rejimiga to‘liq o‘tish uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilishini ta’minlasin, xususan:
• muvofiqlashtirilgan monetar-fiskal va monopoliyaga qarshi siyosat yuritish;
• raqobatdosh bozor iqtisodiyotiga o‘tishni tezlashtirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar raqobatbardoshligini oshirish hamda tovarlar va xizmatlarning to‘laqonli bozorlarini shakllantirish orqali iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirishni davom ettirish;
• monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solishning zamonaviy usullariga o‘tishga, shuningdek, ishlab chiqarish infratuzilmasini kengaytirishga yo‘naltirilgan tartibga solinadigan narxlarni bosqichma-bosqich erkinlashtirish;
• jamg‘armalarni investitsiyalarga transformatsiya qilish uchun moliyaviy vositachilik institutlarini rivojlantirish maqsadida bank tizimi hamda moliya bozorlarini isloh etish, shuningdek, moliyaviy oqimlarni uzoq muddatli rejalashtirish uchun imkoniyat yaratish.
4. Quyidagilar:
• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy bankining inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha birgalikdagi harakatlari konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq;
• 2020 yilda inflyatsiyani pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq ma’qullansin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki quyidagilarni joriy etish orqali pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyatsion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rsin:
• 2020 yilning 1 yanvariga qadar pul bozori foiz stavkalariga ta’sir ko‘rsatuvchi bozor instrumentlari, shu jumladan, Markaziy bank obligatsiyalari, overnayt depozitlar, doimiy tusdagi depozit auksionlari, davlat qimmatli qog‘ozlari va xorijiy valyuta garovi ostida kredit auksionlari va overnayt kreditlari;
• 2020 yil davomida foiz va valyuta xatarlarini boshqarishda hosilaviy instrumentlar (svop, opsion va fyucherslar) va tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishidagi rolining bosqichma-bosqich oshirib borilishi;
• bir oy muddatda Markaziy bankning banklararo pul bozoriga muntazam intervensiyasi orqali moslashuvchan foiz siyosatini amalga oshirishda asosiy foiz stavkasining foiz koridori mexanizmi;
• 2020 yilning 1 apreliga qadar xalqaro moliya institutlarining texnik ko‘magi hamda ilg‘or xalqaro tajriba asosida ekonometrik modellashtirish instrumentlarini rivojlantirishni nazarda tutuvchi makroiqtisodiy tahlil va prognozlash tizimi;
• ikki oy muddatda Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi joriy holat, inflyatsion jarayonlarning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining o‘z vaqtida yoritilishini ko‘zda tutuvchi kommunikatsion siyosatning zamonaviy tamoyillari;
• inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar omillarini doimiy o‘rganib borish, xalqaro moliya institutlari va boshqa davlatlar markaziy banklari texnik ko‘magini jalb etish orqali ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish.
6. Inflyatsiya darajasini pasaytirish va narxlar barqarorligini ta’minlash borasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha komissiya (keyingi o‘rinlarda – Komissiya) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
• inflyatsiya omillari va narxlar oshishiga olib kelayotgan sabablarni bevosita joyiga chiqqan holda tahlil etish va tanqidiy baholab borish;
• barcha vazirlik va idoralar sa’y-harakatlarini iqtisodiyotda inflyatsiya darajasini pasaytirish hamda amalga oshirilayotgan siyosatning o‘zaro muvofiqligini ta’minlashga qaratish;
• respublika pul-kredit siyosatini inflyatsion targetlash rejimiga o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali ijro etilishidagi kamchilik va muammolarni aniqlash, shuningdek, ularni bartaraf etish hamda ushbu sohadagi vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlarining mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
• vakolatli organ va tashkilotlar rahbarlari va boshqa vakillari ishtirokida har oyda kamida ikki marta ichki bozorda narxlarni barqarorlashtirish va inflyatsiyani pasaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosini muhokama qilishni tashkillashtirish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot kiritib borish.
7. Belgilansanki:
• 2020 yil 1 yanvardan boshlab tijorat banklari tomonidan (milliy valyutada) yangidan beriladigan barcha turdagi kreditlar, shu jumladan, davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalari Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasidan kam bo‘lmagan darajada belgilanadi, ipotekani kreditlash bo‘yicha davlat dasturlari hamda paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarini yetishtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga ajratiladigan kreditlar bundan mustasno;
• 2021 yil 1 yanvardan, zarur hollarda, foiz xarajatlarining ma’lum bir qismini kompensatsiya qilish mexanizmlarini joriy etish orqali tijorat banklariga foiz stavkalarini mustaqil belgilash huquqini bergan holda kreditlarni imtiyozli foiz stavkalarida berish amaliyoti bekor qilinadi.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
• 2020 yilning 1 fevraliga qadar Energetika vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2020-2021 yillarda tartibga solinadigan narxlar (tariflar)ni inflyatsiya maqsadlariga ta’sirini hisobga olgan holda erkinlashtirish grafigini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;
• umumiy fiskal balans taqchilligini 2022 yilda 1,5 foizdan oshmaydigan darajagacha bosqichma-bosqich kamaytirishni ta’minlasin;
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining belgilangan parametrlar doirasidagi qat’iy ijrosini, shuningdek, Markaziy bank bilan birgalikda soliq-byudjet va pul-kredit siyosati muvofiqligini ta’minlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi Moliya vazirligi va Markaziy bank bilan birgalikda 2020 yilning 1 iyuliga qadar norezidentlarga moliya bozoriga kirishga ruxsat berish shartlari, mexanizmlari va muddatlari bo‘yicha takliflarni yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarini bartaraf qilishning aniq mexanizmlari va instrumentlarini ishlab chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Markaziy banki:
• Konsepsiya va “Yo‘l xaritasi”ning sifatli va o‘z vaqtida ijro etilishini;
• “2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida tarkibiy islohotlar asosiy yo‘nalishlarining “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirishni ta’minlash bo‘yicha Iqtisodiy kengash yig‘ilishlarida soliq-byudjet va pul-kredit siyosati muvofiqligi hamda tarkibiy islohotlarning amalga oshirilishi holati masalalarini ko‘rib chiqish va muhokama qilishni;
• jahon bozorlaridagi real vaziyatning rivojlanishi va tarkibiy iqtisodiy islohotlarning amaliy natijalaridan kelib chiqqan holda moslashuvchan makroiqtisodiy siyosat yuritish, shuningdek, inflyatsiyaning uzoq muddatli maqsadli ko‘rsatkichi (targeti) darajasigacha pasayishini;
• "Yo‘l xaritasi"ning amalga oshirilishi va narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar samaradorligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek, inflyatsiya bo‘yicha qo‘yilgan maqsadga erishish omillari va xatarlarini ko‘rsatgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda ma’lumot kiritib borishni ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bilan birgalikda 2020 yilning 1 apreliga qadar Jahon bankining texnik ko‘magi asosida ishlab chiqilayotgan Moliyaviy ommaboplikni oshirish milliy strategiyasi doirasida moliyaviy savodxonlikni oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Moliya vazirligi, Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi M.B.Nurmuratov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 18 noyabr
LiveBarchasi