O‘zbekiston iqtisodiyoti bu yil 180 milliard dollardan oshadi

Jamiyat

image

Toshkent xalqaro investitsiya forumida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston iqtisodiyoti jadal sur’atlarda o‘sishda davom etayotganini ta’kidlab, 2026 yil yakunlariga ko‘ra mamlakat yalpi ichki mahsuloti 180 milliard dollardan oshishi kutilayotganini ma’lum qildi.

Davlat rahbarining qayd etishicha, jahon iqtisodiyoti va global kapital bozorlaridagi keskin o‘zgarishlar sharoitida investorlar huquq va erkinliklari ishonchli himoya qilingan, iqtisodiyoti barqaror o‘sib borayotgan davlatlarga sarmoya kiritishga intilmoqda. Shu bois, Yangi O‘zbekistonda investitsiya muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili mamlakat yalpi ichki mahsuloti 7,7 foizga o‘sgan, iqtisodiyotga 43 milliard dollar investitsiya jalb qilingan. Milliy valyuta barqarorligi ta’minlanib, xalqaro zaxiralar hajmi 70 milliard dollardan oshgan.

“To‘rt yil avval ilk forumda 2026 yil yakuniga qadar O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini 100 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan edik. Jadal sur’atlarda o‘sib borayotgan iqtisodiyotimiz bu yil 180 milliard dollardan oshishi kutilmoqda”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, mamlakatning xalqaro kredit reytingi yil sayin yaxshilanib borayotgani ta’kidlangan. Joriy yilda O‘zbekiston nufuzli “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 14 pog‘ona yuqorilab, ilk bor “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlatlar qatoriga kirgan.

Prezidentning ta’kidlashicha, mazkur natijalar O‘zbekiston iqtisodiyoti yangi sur’at va yangi imkoniyatlar bosqichiga chiqib borayotganining yaqqol dalilidir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda O‘zbekistonga 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiya jalb etilganini ta’kidlab, mamlakat teng huquqli va o‘zaro manfaatli sheriklikka tayyor bo‘lgan investorlar uchun doimo ochiq ekanini bildirgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing