O‘zbekiston “Gazli” gaz ombori sig‘imini ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda

Jamiyat

image

“O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasi va Rossiyaning “Forus” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Gazli Gas Storage” Rossiya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasi “Gazli” yerosti gaz ombori sig‘imini 3 milliard kubometrdan 6 milliard kubometrga oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “O‘zbekiston 24” axborot telekanali xabar berdi. 

“Loyihaning birinchi bosqichida 2020 yildan 2025 yil oxirigacha konlarni qidirish ishlari hisobiga “Gazli” yerosti gaz omborida gaz saqlash hajmini ikki barobarga, ya’ni 3 dan 6 milliard kub metrgacha oshirish rejalashtirilgan”, deydi telekanal qo‘shma korxona bosh muhandisi Muhammad Saidazimovga tayanib.

Unga ko‘ra, ikkinchi bosqichda gaz omborini yakunlash va kengaytirish orqali uning sig‘imi 10 milliard kub metrga yetkaziladi, loyihaning umumiy qiymati 850 million dollarga baholanmoqda. 

Ochiq manbalardan ma’lumki, “Gazli” yerosti gaz ombori inshooti O‘zbekiston gaz transporti tizimining qoq markazida Qozog‘iston, Turkmaniston, Rossiya va Xitoyga o‘tadigan quvurlar chorrahasida joylashgan. 

“O‘ztransgaz” kompaniyasi joriy yil boshida “Gazli” magistral gaz quvurlari boshqarmasi tomonidan Rossiyadan tabiiy gaz olib kirish uchun magistral gaz quvurlari infratuzilmasini tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilayotgani haqida xabar bergan edi. Shundan so‘ng “O‘ztransgaz” AJ o‘z xabariga oydinlik kiritib, bu boradagi ishlar O‘zbekistonning janubiy viloyatlari iste’molchilarini gaz bilan ta’minlash samaradorligini oshirishga qaratilganini ta’kidladi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida shartnoma imzolangan bo‘lib, unga ko‘ra “Gazprom” har yili UzGazTrade orqali O‘zbekistonga 2,8 milliard kub metr Rossiya gazini yetkazib beradi.

Avvalroq Qozog‘istonning QazagGaz kompaniyasi 1 oktyabrdan Rossiya gazini o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzit yetkazib berishni boshlashini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekneftgaz Gazli

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing