O‘zbekiston Fransiyaning uran kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirishga rozi bo‘ldi
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
5195O‘zbekiston Fransiyaning Orano uran kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
"Strategik xomashyoni chuqur qayta ishlash va ilg‘or texnologiyalar asosida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hamkorlikning muhim yo‘nalishi sifatida belgilandi. Ta’kidlanganidek, bu yo‘nalishda Orano kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilgan”, deyiladi bayonotda.
Matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, biznes-forum doirasida Mirziyoyev Orano rahbari Klod Imoven bilan ham uchrashgan. Uchrashuvda geologiya-qidiruv va uran qazib olish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan.
Shuningdek, forum davomida tomonlar EDF, Voltalia va Total Energies kompaniyalari bilan loyihalarni amalga oshirish boshlangan “yashil” energetika sohasida strategik hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini bildirgan.
“Suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy infratuzilmani yaratish muhim ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Mamlakatimizning suv ta’minoti tizimlari va issiqlik tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha SUEZ, Eiffage va Veolia kompaniyalari bilan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida.
Qayd etish joizki, Butunjahon yadroviy assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston uran qazib olish bo‘yicha yetakchi besh davlat qatoriga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 1-2 noyabr kunlari O‘zbekistonda bo‘lgandi. U Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan yakkama-yakka va kengaytirilgan tarkibda muzokaralar o‘tkazdi. Makronning O‘zbekistonga safaridan oldin “Bloomberg” nashri Fransiya Prezidentining maqsadi o‘z mamlakatining energiya xavfsizligini yaxshilash ekanini yozdi. Niger bilan aloqalari yomonlashgan Fratsiyaning uranga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun unga yangi hamkorlar kerakligi aytildi.
LiveBarchasi