O‘zbekiston Eronning SHHTga a’zo bo‘lishini ma’qulladi
Jamiyat
−
09 mart 2023
7438O‘zbekiston Eronning Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha so‘rovini ma’qulladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 7 martdagi “Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonunning 22-moddasiga muvofiq, 2022 yil 16 sentyabrda Samarqand shahrida imzolangan Eron Islom Respublikasining SHHTga a’zo davlat maqomini olish maqsadidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum tasdiqlangan.
Farmonga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligiga mazkur xalqaro shartnomaning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat tartib-qoidalarining O‘zbekiston Respublikasi tomonidan bajarilishi to‘g‘risida tegishli bildirishnoma SHHT Kotibiyatiga yuborish topshirilgan. Bitim qoidalarining bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga yuklatilgan.
Ma’lumot uchun, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat maqomini olish uchun Eron majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandum tashkilotga a’zo bo‘lgan boshqa davlatlar tomonidan ham tasdiqlanishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy SHHT Bosh kotibi Chjan Min bilan uchrashgan va tashkilotning xalqaro munosabatlar tizimida muhim rol o‘ynashini qayd etgan edi. O‘z o‘rnida Bosh kotib Chjan Min ham Eron SHHTning faol a’zosiga aylanishi mumkinligiga ishonch bildirgan edi.
LiveBarchasi