O‘zbekiston Eron va Isroilni bosiqlikka chaqirdi
Jamiyat
−
15 aprel
3704O‘zbekiston Respublikasi Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashuvining yangi bosqichidan chuqur xavotirda. Bu haqda bugun, 15 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston tomoni barcha taraflarni bosiqlikka, harbiy harakatlarni davom ettirishdan tiyilishga hamda mojaroni eng qisqa fursatlarda siyosiy tartibga solish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishga chaqiradi.
“Mazkur mintaqadagi keskinlikning avj olishi yanada jiddiy oqibatlarga va keng ko‘lamli harbiy qarama-qarshiliklarga olib kelishi mumkin deb hisoblaymiz”, deyiladi bayonotda.
Eron va Isroil ziddiyatining keskinlashuvi
1 aprel kuni Isroil Damashqdagi Eron konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirdi. Hujum oqibatida Eron inqilobi qo‘riqchilari korpusining 7 nafar a’zosi halok bo‘ldi, ulardan ikki nafari general darajasida edi.
Eron Isroilning konsullikka hujumi o‘z hududiga qilingan hujum ekanini va u o‘ch olishini aytdi.
Isroil ham Eron hujumlariga javob berishini e’lon qildi.
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga yuzlab kamikadze dronlari, ballistik va qanotli raketalar bilan hujum uyushtirdi va ba’zi harbiy nishonlarga zarba berilganini aytdi.
Isroil hujumlarning aksariyati havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan to‘xtatilganini bildirdi, biroq bitta raketa mamlakat janubidagi harbiy bazaga tegdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 aprel kuni Qozog‘iston ham Eron va Isroilni vazminlikka chaqirgandi.
LiveBarchasi