O‘zbekiston energetiklari Afg‘onistondan xavotirda
Jamiyat
−
10 Oktabr 2019
6505"O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmatiga ko‘ra, Energetika tizimida O‘zbekiston-Afg‘oniston hamkorligi har ikki tomon uchun ham manfaatli. O‘zbekistondan Afg‘onistonga elektr energiyasini eksport qilish, O‘zbekiston iqtisodiyotiga chet el valyutasi oqimini oshirishga xizmat qiladi.
Lekin, O‘zbekistonning o‘zida elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘layotgan bir paytda energiya eksportidan ne naf, degan jo‘n fikrlar ham ayrim iste’molchilar tomonidan bildirilayotgani bugun haqiqat.
Bu borada energetika tizimi mutaxassislari, hatto xorijiy ekspertlar ham o‘z fikrlarini bayon etish va turli nosozliklar tufayli yoki simyog‘och va uskunalarni yangisiga almashtirishda (modernizatsiya dasturi) sodir bo‘ladigan uzilishlar energiya eksportiga bog‘liq emasligi jamoatchilikka ma’lum qilindi.
Shu yilning 15-16 sentyabr kunlari Afg‘onistondagi magistral elektr uzatish tarmoqlari (bir nechta tarmoq ustunlari) jangarilar tomonidan portlatilgani haqida xabarlar xorijiy hamda mahalliy ommaviy axborot vositalarida tarqalgan edi.
Joriy yilning 14 sentyabr kuni soat 14:00 dan keyin O‘zbekistondan Afg‘onistonga uzatilayotgan elektr energiya miqdorini qabul qilish darajasida keskin tushish holati ro‘y berib, bu odatdagidan qariyb 3 marta kam ekani "O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari" AJning axborot xizmati tomonidan ma’lum qilingan edi.
Oradan chamasi o‘n kun o‘tgach, ya’ni 24 sentyabr kuni soat 17:00 lar atrofida uzatish quvvatida qisqa muddatli uzilishlar paydo bo‘lib, taxminan 17:40 larda tarmoqda yana yuklama paydo bo‘lgani, ammo oradan yarim soat vaqt o‘tgach, mavjud quvvat darajasi me’yordagisidan qariyb 4,5 marta pasayib ketgani xabar qilingan.
Bu voqea-hodisa jamiyatning eksport salohiyatini pasaytirib yuborayotganiga xavotir bildirgan holda yuzaga kelgan nosozliklar afg‘on energetiklari — "Da Afghanistan Breshna Sherkat" (DABS) tomonidan tez orada bartaraf qilinib, energiya eksporti belgilangan tartibga muvofiq davom ettirilishiga umid bildirilgan edi.
Shu yilning 9 oktyabrga o‘tar kechasi, aniqrog‘i tungi soat 01:40 da Afg‘oniston Islom Respublikasiga yetkazib berilayetgan elektr energiyasining mikdori 0 (nol) darajaga tushib ketdi. "Da Afghanistan Breshna Sherkat" mutassaddilaridan olingan ma’lumotlarga qaraganda, harbiy harakatlar oqibatida Salang dovonidan o‘tuvchi "Puli-Xumri" va "Chimtala" podstansiyalarini bog‘lovchi 220 kVli havo liniyasining 386-tayanch ustuniga zarar yetgan.
Joriy yilning 9 oktyabr kuni soat 09:56 da eksport faqatgina Mozori Sharif yo‘nalishi bo‘yicha tiklangan va bu umumiy eksport qiymatining 10–13 foizini tashkil etadi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, jangovor harakatlar tufayli nosoz holga kelgan ustunlar 3-4 kun ichida ta’mirlanadi.
Shu yilning 11 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo elektr energiyasi muvofiqlashtiruvchi Kengashining 32-yig‘ilishida Afg‘oniston Islom Respublikasi vakili — "Da Afghanistan Breshna Sherkat" mas’ul xodimi, Balx viloyati elektr tarmog‘i korxonasining texnik masalalar bo‘yicha direktori janob Muhammad Omon ishtirok etishi kutilmoqda.
Qo‘shni afg‘on yurtining energetika tizimida qanday yangilik va muammolar borligi haqida afg‘onistonlik mutaxassisdan batafsil ma’lumotlar olish mumkin bo‘ladi.
LiveBarchasi