O‘zbekiston elchisi Italiya Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Jamiyat
−
20 noyabr 2023
3949O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Abat Fayzullayev Italiya Prezidenti Serjo Mattarellaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda “Dunyo“ axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tantanali marosim Italiya Prezidentining Rim shahridagi rasmiy qarorgohi – “Kvirinale” saroyida bo‘lib o‘tgan. Unda Prezident Mattarella joriy yilning 9-11 noyabr kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifini yodga olib, unutilmas taassurotlarga ega bo‘lganini aytgan.
Uchrashuvda shuningdek, O‘zbekiston va Italiyaning siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorligi istiqbollaridan samarali foydalanishdan ikki tomon ham manfaatdorligi ta’kidlangan.
Suhbat yakunida Mattarella O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosi hamda u ziyorat qilgan Samarqand va Xiva shaharlaridagi qadimiy obidalar jozibasini alohida qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Abat Fayzullayev 2020-2023 yillarda O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi bo‘lib ishlagan, shuningdek, Vengriyadagi diplomatik missiyani o‘rindoshlik asosida boshqargan. U bir vaqtning o‘zida, O‘zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili bo‘lib ishlagan.
40 yoshli diplomat O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. U Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasida turli lavozimlarda ishlagan, tashqi ishlar vaziri yordamchisi – kotibiyat mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Fayzullayev 2018-2023 yillarda O‘zbekistonning Rimdagi diplomatik vakolatxonasiga rahbarlik qilgan Otabek Akbarov o‘rniga tayinlangan.
LiveBarchasi