O‘zbekiston dzyudo terma jamoasi Jahon chempionatini ikkita medal bilan yakunladi
Sport
−
14 iyun 2021
5354Vengriya poytaxti Budapesht shahrida o‘tgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi jahon chempionati yakuniga yetdi. Musobaqaning so‘nggi kuni O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlanli. Ilias Iliadis shogirdlari bronza medali uchun kechgan bahsda Janubiy Koreya terma jamoasini muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratishdi.
Obidxon Nomonov, Gulnoza Matniyazova, Shermuhammad Jandreyev va Muzaffarbek To‘raboyevning g‘alabalari evaziga O‘zbekiston terma jamoasi yakunda bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekiston - Janubiy Koreya 4:1.
Jamoaviy bahslarda g‘oliblik dzyudo vatani hisoblangan Yaponiya terma jamoasiga nasib qildi. Finaldagi mag‘lubiyat tufayli Fransiya termasi a’zolari kumush, O‘zbekiston va o‘tish turnirida g‘alaba qozongan Braziliya dzyudochilari bronza medallariga ega chiqdilar.
Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichida Vengriya (4:2) va Braziliya (4:0) terma jamoalarini mag‘lub etilib, yarim finalda Fransiyaga imkoniyat boy (1:4) berilgandi.
Yakkalik bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi vakillaridan faqatgina bitta dzyudochi shohsupaga ko‘tarildi. Davlat Bobonov (-90 kg) finalga qadar yetib borib, yakunda kumush medalga sazovor bo‘ldi. Diyora Keldiyorova (-52 kg), Hikmatulloh To‘rayev (-73 kg) va Sharofiddin Boltaboyev jahon chempionatida kuchli beshlikdan o‘rin olishdi.
Jahon chempionatining estafetasi O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Komilovga topshirildi. Shu tariqa 2022 yilda bo‘lib o‘tadigan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatiga Toshkent shahri mezbonlik qiladi.
Humoyun Oripov
LiveBarchasi