O‘zbekiston davlat qarzi keyingi yil 28 mlrd dollardan oshadi

Jamiyat

image

2021 yilda O‘zbekistonning jami davlat qarzi 28,4 millird AQSH dollariga yetishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining 44,9 foiziga teng degani. Bu haqda 2021 yil uchun Byudjet loyihasida so‘z boradi. Qayd etilishicha, o‘sish dinamikasiga qaramay, davlat qarzi mo‘tadil bo‘lib, makroiqtisodiy barqarorlikka xavf yetkazmaydigan darajada qolyapti. 

O‘zbekistonning davlat qarzi yildan-yilga ortib bormoqda. Joriy yilda davlat qarzining o‘sishi COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlarini bartaraf qilishga qaratilgan qo‘shimcha byudjet xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida tashqi qarzni jalb qilish bilan bog‘liq bo‘ldi. Ushbu maqsadlar uchun Xalqaro moliya institutlarining imtiyozli kreditlari hisobidan Inqirozga qarshi-kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Moliya vazirligi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yil oxirida jami davlat qarzi 28,4 milliard AQSH dollariga yetadi. Bu esa, joriy yil uchun prognoz qilinayotgan davlat qarzlari miqdoridan 5,6 milliard AQSH dollariga ko‘p.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning davlat qarzi 2019 yilda 17,7 milliard AQSH dollarini tashkil etgan. 2020 yil oxirida ushbu ko‘rsatkich 22,8 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat tashqi qarzlariga xizmat ko‘rsatish uchun joriy yilda 1 milliard, 2021 yilda esa 1,5 milliard AQSH dollari yo‘naltirilishi kutilmoqda.

O‘zbekiston davlat qarzi ulushining eng katta qismini energetika sohasi band qilib turibdi. 2020 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra, ushbu sohaga  jami davlat qarzining 28 foiz yoki 5,1 milliard dollar jalb qilingan. 

2021 yil yakuniga davlat tashqi qarzi 25,5 milliard AQSH dollari hisobida prognoz qilinmoqda, shundan 18 milliard AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasi nomidan va 7,5 milliard AQSH dollari O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan.

Qayd etilishicha, 2020 yildan boshlab tashqi qarzlarni O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinishiga cheklovlar kiritilgan. Tashqi qarzlarni O‘zbekiston Respublikasi nomidan va O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilinishi bo‘yicha yangidan imzolanayotgan kelishuvlar umumiy summasining chegaraviy hajmi 4 milliard AQSH dollari etib belgilangan. Biroq koronavirus pandemiyasi sharoitida Hukumat tomonidan tashqi qarzning chegaraviy miqdorini qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘lgan. Joriy yilda tashqi qarzni jalb qilish bo‘yicha yangidan imzolanayotgan kelishuvlar hajmi 5,5 milliard AQSH dollari, 2021 yilda esa 5 milliard AQSH dollari hisobida bo‘lishi rejalashtirilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston tashqi qarzi joriy yilning 1 iyul holatiga 27,6 milliard dollarni tashkil etayotgani xabar qilingandi. 

Unga ko‘ra, qarzning 10,1 milliard dollari xususiy sektor hissasiga, 17,5 milliard dollari davlat sektoriga to‘g‘ri kelmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

80

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing