O‘zbekiston bundan buyon ham afg‘on xalqiga yordam beradi – Mirziyoyev
Jamiyat
−
03 noyabr 2023
4235Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 oktyabr kuni Ostonada bo‘lib o‘tayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida qo‘shni Afg‘oniston masalasiga ham to‘xtaldi. Unda davlat rahbari afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslikka, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.
"Ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli Afg‘oniston zaminida tinchlik va osoyishtalik o‘rnatish mintaqamizda strategik barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashning asosiy shartidir. Biroq dunyoning boshqa nuqtalarida nizo va urushlar avj olayotgan hozirgi sharoitda ushbu muammo xalqaro hamjamiyat e’tiboridan tobora chetda qolmoqda.
Afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqiramiz.
Bizga mintaqaviy sheriklik va barcha qo‘shnilari bilan iqtisodiy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etadigan, tinch va barqaror Afg‘oniston kerak.
Biz ilgari surayotgan Transafg‘on temir yo‘lini barpo etish tashabbusi aynan mana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
O‘zbekiston afg‘on xalqiga bundan buyon ham zarur yordamni berib boradi. Termizdagi logistika xabi orqali gumanitar ko‘mak ko‘rsatishni, ta’lim markazida esa afg‘on fuqarolarini o‘qitishni faol davom ettiramiz", deydi Mirziyoyev.
LiveBarchasi