O‘zbekiston Britaniyadan Baqtriya davri artefaktlarini qaytarib oldi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Baqtriya artefaktlari Buyuk Britaniyadan mamlakatga olib kelindi va Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilmoqda. Bu haqda markaz matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazida taqdim etilayotgan ekspozitsiya Baqtriya hududida islomdan avval ham yuksak hunarmandchilik, zargarlik va ramziy tafakkur shakllanganini yaqqol namoyon qiladi. Eksponatlar orqali tomoshabin Baqtriya xalqlarining dunyoqarashi, e’tiqodi va ijtimoiy tuzilishi haqida keng tasavvur hosil qiladi.

Ekspozitsiyada namoyish etilayotgan oltin bilaguzuklar Baqtriya jamiyatida ijtimoiy maqom va boylikning asosiy belgilaridan biri hisoblangan. Sof oltindan yasalgan ushbu taqinchoqlar aqiq, feruza va lochintosh kabi yarim qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan. Ular nafaqat zeb-ziynat buyumi, balki qudrat, hokimiyat va farovonlik ramzi sifatida ham talqin etilgan. 

Marjon va bo‘yin taqinchoqlari Baqtriya zargarlik san’atining yuksak darajasini ko‘rsatadi. Oltin naycha shaklidagi munchoqlar bilan lochintosh, aqiq va feruzaning uyg‘un terilishi nafaqat estetik did, balki chuqur ramziy ma’noni ham ifodalaydi. Bu buyumlar qadimda inson uchun ruhiy muhofaza va marosimiy ahamiyatga ega bo‘lgan.

Ekspozitsiyadagi eng noyob eksponatlardan biri miloddan avvalgi IV asrga oid oltin pichoq qinidir. U Ahamoniylar davri va Iskandar Makedonskiy yurishlari bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarni aks ettiradi. Qin yuzasidagi hayvonlar va afsonaviy obrazlar sak, sug‘d va baqtriya san’ati an’analarining o‘zaro uyg‘unligini namoyon etadi.

Ma’lumot uchun, Pomir-Badaxshon tog‘laridan boshlanib, Amudaryo havzalari orqali keng hududlarga hayot bag‘ishlagan daryolar atrofida Baqtriya-Marg‘iyona tarixi shakllangan. Arxeologiyada “Baqtriya-Marg‘iyona arxeologik kompleksi (BMAK)”, yoki “Oks sivilizatsiyasi” deb ham ataladigan ushbu madaniy makon miloddan avvalgi III–II ming yilliklarga taalluqli. U hozirgi Afg‘onistonning shimoli, Tojikistonning janubiy hududlari hamda O‘zbekistonning janubini qamrab olgan.


Maqola muallifi

Teglar

artefakt Baqtriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar