O‘zbekiston bokschilari Jahon chempionatiga tayyormi?

Intervyu

Boks bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 24 oktyabridan 6 noyabriga qadar Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkaziladi. Musobaqa oldidan Toshkent viloyatida joylashgan “Yangiobod” sport bazasida O‘zbekiston va Kuba terma jamoasi birgalikda yig‘in o‘tkazmoqda.

QALAMPIR.UZ jamoasi Jahon chempionatiga Toshkent viloyatida tayyorgarlik ko‘rayotgan o‘zbekistonlik bokschilar bilan suhbatlashdi.

O‘zbekiston bokschilari haqida tayyorlangan reportajni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Olimpiya o‘yinlari va Osiyo chempionati g‘olibi, Jahon chempionati finalchisi Hasanboy Do‘smatov joriy yilgi dunyo birinchiligi oldidan o‘zining imkoniyatlari, Kuba terma jamoasi va kelajakdagi rejalari haqida gapirdi.

“2019 yildan buyon havaskor boksda jang qilmadim. 3 oydan buyon mashg‘ulotlar olib boryapman va yana avvalgi sport formamni tiklab oldim. 2017 yilgi Jahon chempionati finalida mag‘lub bo‘lgandim. O‘ylashimcha, hozir undan ko‘ra yaxshiroq holatdaman. Chunki, Olimpiya o‘yinlaridan so‘ng, televideniyedagi ko‘rsatuvlar, turli xil tadbirlar sababli mashg‘ulotlarga yetarlicha e’tibor qarata olmagandim. Shukrki, hozir hech kim bezovta qilgani yo‘q. Bunga o‘zim ham qarshilik qildim va shu muhit o‘z ustimda ishlashim uchun ma’qulroq. Kun tartibimiz rejadagidek o‘tmoqda, nasib qilsa, hammasi yaxshi bo‘ladi”, deydi Do‘smatov.

Shuningdek, 28 yoshli bokschi g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan hisoblangan Kuba terma jamoasi haqida fikr bildirdi: 

“Jahon chempionati oldidan so‘nggi mashg‘ulotlarimiz Kuba terma jamoasi bilan o‘tmoqda. Raqiblarimizni sinchkovlik bilan o‘rganyapmiz. Har ikki jamoa bokschilari bor kuchiini ko‘rsatyapti, deb ayta olmayman. Lekin kuchli raqib bilan jang qilish doimo foydaga ishlaydi”. 

Do‘smatov professional va havaskor boksdagi faoliyati hamda oldindagi rejalarini ma’lum qildi.

“Havaskor va professional boks o‘rtasida farq juda katta. Qo‘lqoplardan tortib, ishlash tempimizda ham tafovut seziladi. Prof boksdagi uslublarning ba’zilari havaskorda ish berishi mumkin. Jahon chempionatidan keyin Parij Olimpiadasi bor, agar vazn toifam dasturdan chiqarib tashlanmasa va sport formamni ushlab qola olsam, albatta, unda ishtirok etaman. To‘g‘risini aytsam, 2017 yilgi Jahon chempionatida kumush medal olgandim. Bu safar faqat va faqat oltin uchun harakat qilaman, boshqa natija meni qoniqtirmaydi. Avvalo, barchasi Yaratgandan, harakatdan to‘xtamayman”, deydi andijonlik bokschi.

O‘zbekiston boks terma jamoasi katta murabbiyi To‘lqin Qilichev Bahodir Jalolovning Jahon chempionatida ishtirok etmayotgani, Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarning foydali tomonlari, Hasanboy Do‘smatov va Shahram G‘iyosovning tarkibga jalb qilinishi hamda hakamlik masalalari haqida gapirdi.

“Bahodir Jalolov Jahon chempionatiga bormaydi. Olimpiadadan so‘ng, u sport targ‘iboti uchun juda ko‘p tadbirlarda ishtirok etdi va mashg‘ulotlarni o‘zi istaganidek o‘tkaza olmadi. Musobaqada nomiga ishtirok etib qaytish niyatimiz yo‘q. U Olimpiada va Jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan, bu esa har safar osonlikcha g‘alaba qozonishni anglatmaydi. Biz bokschimizdan xafa emasmiz, sababi Vatan bizga nimadir beryaptimi, biz ham unga bera olishimiz shart. Har bir vazn toifasida raqobat bor. Bahodirning o‘rniga Lazizbek Mullajonovni olib ketyapmiz, u ham juda kuchli bokschi va joriy yil harbiylar o‘rtasida Jahon chempioni bo‘ldi. O‘ylaymanki, yaxshi natijalar qayd etamiz” deydi Qilichev. 

Shuningdek, murabbiy Kuba boks terma jamoasi bilan o‘tkazilayotgan mashg‘ulot va yuklanmalar to‘g‘risida ma’lumot berdi:

“Olimpiya o‘yinlaridan keyingi eng katta va muhim musobaqa arafasida turibmiz, reja asosida munosib tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Avvalgi turnirlardan farqli o‘laroq, so‘nggi maxsus tayyorgarlikni Kuba terma jamoasi bilan o‘tkazilmoqda. Ruhiy tomondan biz uchun foydali mashg‘ulot bo‘lmoqda. Chunki, Kuba ham O‘zbekiston singgari jahondagi eng kuchli terma jamoalardan biri. Tokio Olimpiadasida mavjud bo‘lgan 8 ta vaznning 4 tasida kubalik bokschilar Oltin medalni qo‘lga kiritdi. Ulardan 3 nafari biz bilan birgalikda mashg‘ulot o‘tkazmoqda. Bu kubaliklar uchun ikki karra foydaliroq, sababi ular bizning o‘lkada mashg‘ulot o‘tkazyapti. Har bir vazn toifasida ikki-uch nafar o‘zbek bokschilari bilan sparring olib borishmoqda”. 

To‘lqin Qilichevning fikricha, Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatovning yana terma jamoada paydo bo‘lishi va tarkibda yosh bokschilar sonining ko‘pligi hech bir bokschi e’tibordan chetda qolmasligini ko‘rsatadi.

“Tarkib rahbariyat va murabbiylar ishtirokida tuzib chiqildi. Shahram G‘iyosov va Hasanboy Do‘smatovning Jahon chempionati uchun tanlanishi va tarkibdagi bokschilarning 70 foizi yoshlardan iborat ekani O‘zbekistonda hech bir bokschi e’tibordan chetda qolmasligini ko‘rsatadi. 

Dunyoda boks rivojlanyapti, biz eng yuqorida turganimizda o‘zimizning xatolarimizni bila olmaymiz. Dastavval, istaymizmi yo‘qmi, yoshlar tajriba to‘plagunicha natijalar pastroq bo‘ladi. Demak, qayerdadir xato qilganmiz va shuning ustida ishlashimiz kerak.   

Hakamlik masalasini muhokama qilaverish bizni asosiy vazifamizdan chalg‘itib qo‘yishi mumkin. Boksda inson omili sababli ana shunday tushunarsiz qarorlar bo‘lib turadi. Boshqa davlat bokschilari nazarida hakamlar bizga yon bosgan bo‘lishi mumkin. Bundan tushkunlikka tushish kerak emas, ringda barchaga kuchliligimizni isbotlasak, kifoya”, deydi Qilichev. 

Kuba boks federatsiyasi (KBF) prezidenti Alberto Puig mamlakat boks maktabining strategiyasi, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini va o‘zbek bokschilarining mahorati haqida gapirdi. 

“Kuba boks maktabining o‘ziga xos strategiyasi bor. O‘zbekiston singari har bir terma jamoani o‘rganamiz. Murabbiylar tomonidan intizomga juda katta etibor qaratiladiva sportchilarga boksga oid ta’lim beriladi. Bokschilar yuqori natijalarga erishgunicha, sportga oid metodlarning barchasini o‘zlashtirishi kerak, ana shundagina u ko‘zlagan marrasiga erisha oladi. Shuningdek, Kubada iqtisodiy ta’minotga jiddiy yondashiladi. Shuning uchun, Olimpiya o‘yinlarida kubalik bokschilar 78 ta medalni qo‘lga kiritgan. Asosan kichik vazn toifalarida yaxshi natijalar qayd etganmiz va boks allaqachon milliy sportimizdek bo‘lib qolgan.

Umumiy jihatdan o‘zbek bokschilari yuqori saviyali jangchilardir. Masalan, Bahodir Jalolov juda ajoyib jang uslubiga ega va o‘z toifasida birinchi raqamlisi. Yosh bokschilarda ham kuchli ishtiyoq sezilib turibdi. Eng muhimi O‘zbekiston va Kuba terma jamoasi vakillari juda samarali va to‘g‘ri mashg‘ulot olib borishyapti.”, deydi Puig. 

69 yoshli mutaxassis “Yangiobod” mashg‘ulot bazasida o‘tkazilayotgan yig‘in va sharoitlarni baholadi:

“O‘zbek bokschilarining barchasi yuqori darajada jang o‘tkazadi. Biz tajriba almashish va Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun yurtingizga keldik. 10 kunlik mashg‘ulot o‘tkazgach, Jahon chempionatiga jo‘nab ketamiz. Umid qilamizki, 2023 yilgi O‘zbekistonda o‘tkaziladigan mundialda ishtirok etamiz va o‘shanda bizda taqqoslash imkoniyati bo‘ladi. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini yuqori darajada tashkillashtirilgan. O‘zbekiston milliy terma jamoasi va boks federatsiyasiga, murabbiylardan tortib barcha bokschilar hamda OAV xodimlariga minnatdorligimizni bildiramiz, o‘zimizni uyimizdagidek his qildik”.

Boks bo‘yicha Osiyo va Jahon chempioni Mirazizbek Mirzahalilov joriy yilgi dunyo birinchiligi oldidan Olimpiya o‘yinlaridagi hakamlarning qarori, JCHdagi raqiblari, Kuba terma jamoasi va oldindagi rejalari haqida fikr bildirdi.

“Olimpiya o‘yinlaridan keyin xatolarim haqida o‘yladim va ortga qaytgan kunimizdanoq mashg‘ulotlarni boshladim. Muvaffaqqiyatsiz natija men uchun katta dars bo‘ldi va o‘z oldimga Parij Olimpiadasida chempion bo‘lish uchun maqsad qo‘ydim. Bu safargi musobaqa avvalgilari kabi o‘tmadi, chunki malakali referilar ishtirok etmadi. Jahon chempionatida esa hakamlar maxsus test topshiradi va undan o‘ta olsagina janglarda ishlashga ruxsat beriladi. 2019 yil Prezidentimiz bilan ko‘rishganimizda va’da bergandik. O‘g‘il bola uchun aytilgan so‘zning uddasidan chiqmaslik noto‘g‘ri. Sportga kirib kelishdan oldin har bir atlet Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritishni maqsad qiladi”, deydi Mirzahalilov.

Shuningdek, 26 yoshli bokschi Kuba terma jamoasi va JCHdagi raqiblariga qarshi jiddiy tayyorgarlik ko‘rayotganini ta’kidladi:

“Kubalik bokschilar sparring janglarida, tabiiyki, bor potensialini ko‘rsatgani yo‘q. Lekin ularning tajribasini o‘rganishga harakat qilyapmiz. 2019 yilgi Jahon chempionati finalida Lazaro Alvares (3 karra Jahon chempioni) bilan jang qilib, g‘alaba qozongan edim. Hozir u vaznini o‘zgartirgan. Olimpiada o‘yinlarida 1-bosqichdayoq chiqib ketgan bo‘lsamda, o‘zimga bo‘lgan ishonchim yuqori va ikki karra Jahon chempioni bo‘lish uchun bor kuchimni ishga solaman. Har bitta raqibni o‘rganyapmiz, ularga munosib qarshilik ko‘rsata oladigan darajada mashg‘ulotlar olib boryapmiz. Tayyorgarlik a’lo darajada, xalqimizning ishonchini oqlashga harakat qilamiz”. 

Ma’lumot uchun, boks bo‘yicha Jahon chempionati joriy yilning 24 oktyabridan 6 noyabriga qadar Serbiyaning Belgrad shahrida o‘tkaziladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston AIBA Jahon chempionati Boks Kuba

Baholaganlar

42

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing