O‘zbekiston BMTning Kubaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi
Olam
−
03 noyabr 2023
4859Kecha, 2 noyabr kuni BMT Bosh Assambleyasi AQSHni Kubaga qarshi iqtisodiy, tijorat va moliyaviy sanksiyalarni bekor qilishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatni 187 davlat qo‘llab-quvvatladi, jumladan O‘zbekiston ham. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining saytida keltirilgan.
Bosh Assambleya 31 yil ketma-ket blokadani bekor qilishni talab qiluvchi rezolyutsiyalarni qabul qilgan. 1992 yilda uni 59 ta davlat qo‘llab-quvvatlagan, 2017 yilda allaqachon 191, o‘tgan yili – 185, bu yil esa – 187. 2016 yilda Qo‘shma Shtatlar yagona marta betaraf qolgan.
Bu yilgi rezolyutsiyaga ikki davlat – AQSH va Isroil qarshi ovoz berdi, Ukraina esa betaraf qolgan. O‘zbekiston rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlagan.
Assambleya sessiyasida ko‘plab ma’ruzachilar o‘z ovozlarini tushuntirishda birin-ketin Kubaga qarshi embargoning noqonuniyligini ta’kidlab, bu BMT Nizomini qo‘pol va muntazam ravishda buzish ekanini bildirgan. Delegatlar blokadaning Kuba xalqiga yetkazayotgan zarari, ularni asosiy daromad va asosiy ehtiyojlar, jumladan, dori-darmondan mahrum qilayotgani haqida gapirgan.
Kuba Tashqi ishlar vaziri Bruno Rodriges Parrilla Bosh Assambleyadagi chiqishida AQSH tomonidan uning mamlakatiga nisbatan joriy qilingan iqtisodiy sanksiyalar Kuba xalqining huquqlari keng miqyosda buzilishiga olib kelayotganini aytgan. Rezolyutsiyani yoqlab ovoz bergan Amerika Qo‘shma Shtatlari vakili Pol Folmsbi esa sanksiyalar demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish tamoyillarini rivojlantirish vositalaridan biri deya iddao qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Bosh Assambleyasi bir guruh arab davlatlari tomonidan tayyorlangan Falastin-Isroil mojarosi hududida zudlik bilan sulh tuzishga chaqiruvchi rezolyutsiyani qabul qilgandi. Ushbu rezolyutsiyani 120 davlat qo‘llab-quvvatlagan, ularning orasida O‘zbekiston ham bor.
Shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashining Jenevada bo‘lib o‘tgan 54-sessiyasida G‘arb davlatlari tashabbusi bilan Rossiyaga qarshi rezolyutsiyaga ovoz berish jarayoni bo‘lib o‘tgandi. Unda O‘zbekiston betaraf qolgandi.
LiveBarchasi