O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan banner uchun Qozog‘iston klublari jazolandi
Sport
−
18:33 672 2 daqiqa
Qozog‘iston futbol federatsiyasi salbiy mazmundagi va O‘zbekiston bayrog‘i aks etgan banner bilan bog‘liq mojarodan keyin “Aqtobe” va “Ordabasi” klublariga nisbatan jarima chorasini qo‘lladi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 20 oktyabr kuni Qozog‘iston futbol federatsiyasining Nazorat, intizom va axloq qo‘mitasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda 2026 yilgi mavsum Oliy ligasining 23-turidan o‘rin olgan “Aqtobe” va “Ordabasi” o‘rtasidagi uchrashuv bilan bog‘liq holatlar ko‘rib chiqilgan.
Uchrashuvni talab darajasida tashkil etmagani, xavfsizlik qoidalari va chempionat reglamentiga rioya qilmagani uchun “Aqtobe” klubiga 1 mln 297 ming 500 tenge miqdorida jarima belgilangan. Klub ushbu mablag‘ni joriy yilning 20 noyabrga qadar to‘lashi kerak.
Federatsiya ma’lumotiga ko‘ra, mezbonlar uchrashuv hakamlari xavfsizligini ta’minlay olmagan. Shuningdek, “Aqtobe” klubi direktori Baxitbek Duzelbayev hakamlar xonasiga ruxsatsiz kirgan.
Muxlislarning nomaqbul xatti-harakatlari, jumladan, rasmiy shaxslarga nisbatan qo‘pol so‘zlar ishlatishi va raqib jamoani haqorat qilgani uchun klub yana 865 ming tenge miqdorida jarimaga tortilgan. Bu mablag‘ ham joriy yilning 20 noyabrga qadar to‘lanishi lozim.
Bundan tashqari, “Aqtobe” bosh murabbiyi Igor Cherevchenko ham haqoratomuz bayonotlari uchun 216 ming 250 tenge miqdorida jarima olgan.
“Ordabasi” klubiga esa uchrashuvga kechikib chiqqani uchun chora ko‘rilgan. Jamoa futbolchilari kiyinish xonasidan belgilangan vaqtdan uch daqiqa kech chiqqan. Buning uchun klubga 259 ming 500 tenge miqdorida jarima belgilangan.
Federatsiya o‘z bayonotida futbol uchrashuvlarini o‘tkazishda xavfsizlik talablari, musobaqa qoidalari va professional etika me’yorlariga rioya qilish majburiy ekanini qayd etgan. Shuningdek, klublar uchrashuvlarni tashkil etish, o‘z vakillari va muxlislarining xatti-harakatlari uchun mas’ul ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Chimkentning “Ordabasi” klubi “Aqtobe” mehmoni bo‘lgan uchrashuvda 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Bahs davomida voyaga yetmagan muxlis qizlar salbiy mazmundagi yozuv tushirilgan bannerni ko‘targan. Hodisadan so‘ng politsiya bannerni ko‘targan qizlarni topgan. Ular va ota-onalari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilgan. Ota-onalar farzand tarbiyasi bo‘yicha majburiyatlarini lozim darajada bajarmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Live
Barchasi