O‘zbekiston ayrim xorijlik talabalar uchun 70 ta grant ajratdi
Jamiyat
−
13:55 492 2 daqiqa
2026/2027 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat oliy ta’lim tashkilotlarida Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Tojikiston va Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun jami 70 ta grant o‘rni ajratilishi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Qirg‘iziston fuqarolari uchun 20 ta grant 6 ta bakalavriat yo‘nalishiga ajratilgan. Maktabgacha ta’lim, kompyuter injiniringi, agronomiya va qurilish muhandisligi yo‘nalishlarining har biriga 4 tadan o‘rin berilgan. Suv xo‘jaligi va melioratsiya hamda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi yo‘nalishlariga esa 2 tadan kvota ajratilgan. Ajratilgan kvota o‘rinlariga nomzodlarni O‘sh davlat universiteti saralab oladi. Tanlovda ishtirok etish uchun abituriyentlar ariza, ta’lim to‘g‘risidagi hujjat nusxasi, pasport nusxasi, rus tilidagi tibbiy ma’lumotnoma va 3,5×4,5 sm hajmdagi 6 ta rangli fotosurat topshirishi kerak. Nomzodlar, shuningdek, tanlagan ta’lim tilini bilishini namoyish etib, ikkita asosiy fandan test topshiradi. Imtihonlar 5 ballik tizimda baholanadi. Hujjatlarni topshirish muddati 22 avgustgacha, kirish imtihonlari esa 24 avgust kuni soat 08:00 da O‘sh davlat universitetining asosiy binosida o‘tkaziladi.
Qozog‘iston fuqarolari uchun ham 20 ta grant ko‘zda tutilgan. Eng katta kvota matematika yo‘nalishiga – 3 ta o‘rin. Texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, tarix, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, kompyuter injiniringi, telekommunikatsiya texnologiyalari va logistika yo‘nalishlariga 2 tadan grant ajratilgan. Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar hamda ingliz tili filologiyasiga 1 tadan o‘rin berilgan.
Tojikiston fuqarolari uchun ajratilgan grantlar orasida eng katta kvota davolash ishiga to‘g‘ri keladi – 3 ta. Stomatologiya, logistika va transport vositalari muhandisligi yo‘nalishlariga 2 tadan grant ajratilgan. Qolgan o‘rinlar bastakorlik san’ati, aktyorlik san’ati, kino-teleoperatorlik, xalqaro munosabatlar, yurisprudensiya, telekommunikatsiya texnologiyalari, kompyuter injiniringi, kiberxavfsizlik injiniringi, sun’iy intellekt va kiberxavfsizlik, shahar qurilishi va loyihalash hamda sanoat muhandisligi va menejmenti yo‘nalishlariga taqsimlangan.
Mo‘g‘uliston fuqarolari uchun 10 ta grant ajratilgan. Shundan 4 tasi bakalavriat, 6 tasi magistratura bosqichiga to‘g‘ri keladi. Bakalavriatda konchilik ishi va veterinariya meditsinasiga 2 tadan o‘rin berilgan. Magistraturada esa qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash mashinalari va jihozlari hamda qishloq xo‘jalik hayvonlarining seleksiyasi va naslchiligiga 2 tadan, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi hamda transport, logistika va xalqaro savdoga 1 tadan grant ajratilgan. Shunday qilib, uch davlatga 20 tadan, yana bir davlatga 10 ta – jami 70 ta grant ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026/2027 o‘quv yili uchun davlat oliy ta’lim tashkilotlari umumiy qabul parametrlari tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi.