O‘zbekiston AQSHga rasmiy nota yubordi
Jamiyat
−
18 aprel 2020
18376O‘zbekiston Respublikasining Vashingtondagi elchixonasi vizasi tugayotgan o‘zbekistonliklarga yordam berish bo‘yicha AQSHga rasmiy nota yubordi. Bu haqda bugun, 18 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetov AOKA shtabida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Avazbek Hojimetovga AQSHdagi O‘zbekiston fuqarosi vizasi tugayotgani va bu masalada qanday yo‘l tutishi kerakligini so‘rab savol yo‘llagan. Vazirlik vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu masalada AQSHga rasmiy nota yuborilgan.
“AQSHda bo‘lib turgan ba’zi O‘zbekiston fuqarolari vizalari muddati tugayotgani va reyslar bekor qilinganini inobatga olib, Vashington shahridagi elchixonamiz 2020 yil 17 mart kuni AQSH Davlat departamentiga O‘zbekiston fuqarolarining viza muddatlarini uzaytirishda yengillik berish, ularning murojaatlarini tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishni so‘rab rasmiy nota yubordi.
Mazkur nota AQSH Davlat departamenti tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, bu masala bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan“, deydi Avazbek Hojimetov.
Shuningdek, vazirlik vakili AQSHga kirish vizasi muddati tugayotgan vatandoshlarimizga uni qayta rasmiylashtirish uchun immigratsiya xizmatining eng yaqin idorasiga viza muddati tugashidan oldin murojaat qilishni tavsiya etdi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 aprel kuni AQSH o‘z hududidan fuqarolarini olib chiqib ketmagan davlatlarga sanksiya qo‘llashni ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi