O‘zbekiston-AQSH savdo aylanmasi rekord darajada o‘sdi
Jamiyat
−
12:35
3234O‘zbekiston-AQSH savdo hajmi 2024 yilda 773,3 mln dollarga yetdi. Bu haqda O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilda O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi savdo aylanmasi rekord darajada o‘sib, 773,3 mln dollarga yetgan. Bu esa oldingi yillarga nisbatan 27 foiz o‘sishni anglatadi.
“Ushbu o‘sish ilg‘or texnologiyalar va tovarlar sohasidagi imkoniyatlarni namoyon etadi. AQSH O‘zbekistonning eng yirik 10 savdo hamkoridan biri bo‘lib qolayotgan bir paytda, biz AQSH kompaniyalarini ushbu imkoniyatlardan foydalanishga chorlaymiz” deyiladi elchixona xabarida.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning yanvar-oktyabr oylarida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 54,4 milliard AQSH dollarini tashkil etdi, bu esa 2023 yilning shu davriga nisbatan 6,7 foizga oshganini anglatadi. Eksport hajmi 22,4 milliard dollarni tashkil etib, 2023 yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga oshgan. Import hajmi esa 31,9 milliard dollarni tashkil etib, 4,7 foizga o‘sgan.
Tashqi savdo aylanmasining eng katta hajmi MDH mamlakatlariga to‘g‘ri keladi – 19 milliard dollar. Shuningdek, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi (YeOII) mamlakatlari – 14,4 milliard dollar, boshqa davlatlar bilan tovar ayirboshlash – 35,4 milliard dollarni va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan – 5,2 milliard dollarni tashkil etadi.
O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlari Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreya bo‘lib qolmoqda.
LiveBarchasi