O‘zbekiston Afg‘onistonga 2026 yilda ham elektr beradi
Jamiyat
−
18 noyabr 1852 2 daqiqa
O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettiradi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 17 noyabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Afg‘onistonning Da Afghanistan Breshna Sherkat (DABS) kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar Afg‘oniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish liniyalari va podstansiyalarining joriy holatini hamda ushbu ishlarni jadallashtirish masalalarini muhokama qilgan. Uchrashuv yakunida 2026 yil uchun elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha tegishli shartnoma imzolandi.
O‘zbekiston tomonidan shartnomaga davlat kompaniyasi “O‘zenergosotish” boshqaruvi raisi Jahongir Obidjonov imzo chekkan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil fevral oyida Da Afghanistan Breshna Sherkat kompaniyasi Eron, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan import qilingan elektr energiyasi bo‘yicha ko‘p yillik qarzlarini 627 million dollar miqdorida to‘laganini e’lon qilgan edi.
O‘tgan yil dekabr oyida Afg‘oniston O‘zbekiston bilan elektr energiyasi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni navbatdagi yilga uzaytirgan edi. Shunga o‘xshash kelishuv Turkmaniston bilan ham imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 23 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-yubiley sessiyasida Afg‘oniston xalqining tinch va osuda hayotga bo‘lgan intilishini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirishga chaqirib, bu davlatning yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘ta muhimligini ta’kidlagandi.