O‘zbekiston Afg‘onistonga 183 tonna hayitlik jo‘natdi
Jamiyat
−
05 iyun 5689 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘i bilan O‘zbekiston xalqining bag‘rikenglik va qo‘llab-quvvatlash ramzi sifatida Qurbon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga 183 tonna oziq-ovqat mahsuloti ortilgan navbatdagi insonparvarlik yordami yuklari Balx viloyatiga yetkazildi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, insonparvarlik yuklari Hayraton shahridagi “Astras” kompaniyasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatilla Irgashev, Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov hamda Balx viloyati gubernatorining o‘rinbosari Nurulhodi Abuidris, shuningdek, ikki tomon rasmiylari ishtirokida topshirilgan.
Bildirilishicha, insonparvarlik yordami tarkibidan un, guruch, shakar, makaron va qandolat mahsulotlari, o‘simlik yog‘i, tez tayyorlanadigan taomlar, qizil loviya va mosh o‘rin olgan. Afg‘oniston rasmiylari O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga ko‘rsatayotgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirib, Qurbon hayiti munosabati bilan samimiy tabriklarini yo‘llagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida ham Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Navro‘z bayrami va Ramazon hayiti munosabati bilan Afg‘oniston aholisiga qariyb 200 tonna oziq-ovqat mahsuloti yuborilgandi.
Live
Barchasi