O‘zbekiston Afg‘onistondan tahdid sezsa, harbiy blokka a’zo bo‘ladimi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zoligini tiklashi mumkin. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining katta ilmiy xodimi, Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlari institutining Markaziy Osiyo va Qozog‘iston bo‘limi mudiri Andrey Grozin aytdi.

Uning fikriga ko‘ra, rasmiy Toshkent Afg‘onistondan jiddiy tahdid sezsa, KXSHTga qaytishi mumkin.

“Afg‘onistondagi beqaror, potensial o‘ta xavfli vaziyat O‘zbekiston tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarning o‘zgarishiga ta’sir qilishi mumkin. Men mamlakatning KXSHTga a’zoligini tiklash imkoniyatlari haqida gapiryapman”, deydi u.

Foto: Andrey Grozin

Shu bilan birga, ekspert O‘zbekiston tashqi siyosatda bunday keskin harakat qilishi uchun jiddiy tashqi muammolar yuzaga kelishi kerakligini ta’kidlagan. Grozin O‘zbekiston ikki bor KXSHTga a’zo bo‘lganini eslab o‘tdi.

“Rasmiy ravishda O‘zbekiston KXSHT tarkibidan chiqmagan. Oxirgi marta birinchi Prezident Islom Karimov davrida a’zoligini to‘xtatdi”, deydi tahlilchi.

Grozin rasmiy Toshkent tinch yo‘l bilan rivojlanayotgan Afg‘onistondan manfaatdor ekanligini, bu esa O‘zbekiston uchun qulay tashqi muhit yaratishini hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari orasida aynan O‘zbekiston respublikaga nisbatan eng faol pozitsiyaga ega ekanini ta’kidlagan.

“Ular (O‘zbekiston rasmiylari—tahr.) Afg‘onistonni ijodiy iqtisodiy faoliyatga jalb qilish orqali terrorchilik tahdidlari xavfini kamaytirish maqsadida Afg‘oniston hududida turli xil iqtisodiy loyihalarni amalga oshirishga, ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga urinmoqdalar”, deydi u.

Siyosatshunosning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat kelajakda qanday rivojlanishini oldindan aytish mushkul.

“Mamlakat hozirda o‘nlab yillar davomida sust rejimda davom etayotgan fuqarolik urushi ostonasida turibdi”, deydi ekspert.

Shu o‘rinda qayd etish kerakki, joriy yilning 12 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov OAV uchun brifingda mamlakat qonunchiligiga muvofiq, O‘zbekiston hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emasligi va u hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmasligini ta’kidlagan.

Foto: Sherzod Asadov

“2012 yilda qabul qilingan Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi va mudofaa to‘g‘risidagi qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy harbiy bazalarning joylashtirilishi mumkin emas va biz hech qanday harbiy-siyosiy bloklarga ham qo‘shila olmaymiz. Bu qonunda belgilab qo‘yilgan”, deydi Sherzod Asadov.

KXSHT qanday tashkilot?

KXSHTning vazifasi qo‘shin va yordamchi bo‘linmalarning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan shartnomada ishtirok etadigan mamlakatlarning hududiy-iqtisodiy makonini har qanday tashqi harbiy va siyosiy tajovuzkorlardan, xalqaro terrorchilardan, shuningdek keng ko‘lamli tabiiy ofatlardan himoya qilishdan iborat. Biroq, KXSHT yagona harbiy-siyosiy birlashma sifatida hech qachon harbiy harakatlarda qatnashmagan. Bugungi kunda ushbu tashkilotga 6 davlat: Rossiya, Belarus, Armaniston, Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zo.

O‘zbekiston ushbu tashkilotning a’zosi bo‘lgan

Qayd etish kerakki, KXSHT asosi 1992 yili Toshkentda qo‘yilgan. O‘shanda ushbu shartnomani O‘zbekiston ham imzolagan. Biroq, rasmiy Toshkent 1999 yilda ushbu kelishuvga a’zolikni davom ettirishdan bosh tortgan. Oradan bin qancha muddat o‘tib, 2006 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi tiklangan. Keyin 2012 yilda O‘zbekistonning ushbu tashkilotga a’zoligi yana to‘xtatilgan. 

Qo‘shni Afg‘onistondagi keskinlik

Afg‘onistondagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat joriy yilning aprelida AQSH Prezidenti Jo Baydenning respublikada Amerika qurolli kuchlarining operatsiyasi yakuniga yetganini e’lon qilganidan so‘ng, ancha yomonlashdi. 

Joriy yilning 6 iyul holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar o‘z qo‘shinlarining 90 foizidan ko‘prog‘ini Afg‘onistondan olib chiqib ketib bo‘ldi. Bu jarayon 31 avgustga qadar yakunlanishi kutilmoqda. Shtatlar kabi NATOning boshqa a’zolari ham Afg‘onistonni tark etmoqda. Jumladan, ItaliyaAvstraliya va Germaniya kuchlari, allaqachon, mamlakatdan chiqib ketgan.

Xorijiy qo‘shinlarning Afg‘onistonni tark etishi fonida “Tolibon” harakati mamlakat hududlari ustidan nazoratni o‘rnatish maqsadida hujumlarni kuchaytirmoqda. Toliblarning ta’kidlashicha, ular ayni paytda Afg‘onistonning 85 foizini nazorat qilmoqda. Bundan tashqari, harakat kuchlari bir qator qo‘shni davlatlar — Turkmaniston, Tojikiston, Eron va Pokiston bilan chegarada joylashgan nazorat punktlarini ham egallab olgan. Rasmiy Kobul harakat tarafdorlariga qarshi qarshi hujumlarni rejalashtirmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

349

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing