O‘zbekiston Afg‘onistondagi neft va gazga sarmoya kiritishga qiziqmoqda – OAV
Jamiyat
−
25 may
6400Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning yirik kompaniyalari Afg‘onistonning neft va gaz konlariga sarmoya kiritishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda “Tolibon” muvaqqat hukumati kon va neft vazirligiga tayanib “TOLOnews” xabar berdi.
“Markaziy Osiyo kompaniyalarining Afg‘onistonning neft va gaz sohasiga qiziqishi sezilarli darajada oshdi. Yaqinda O‘zbekiston kompaniyalari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Vazirlik bir qancha neft va gaz konlariga, jumladan Hirot yaqiniga investitsiyalar kiritishini e’lon qildi”, deydi vazirlik vakili Humoyun Afg‘on.
Afg‘onistondagi “Bakhtan News” nashrining yozishicha, O‘zbekistondagi kompaniya uglevodorodlarga qiziqish bildirgan. Kon va neft vaziri o‘rinbosari Zia-ur-Rahmon al-Aryubiy kompaniya vakillari bilan uchrashib, hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Afg‘onistonlik iqtisodiy ekspert Abdul Nosir Rashtiya O‘zbekiston delegatsiyasining Qobulga safari chog‘ida muhokamada neft, gaz va boshqa foydali qazilmalarni qidirish va qazib olish asosiy mavzulardan biri ekanligini aytib o‘tgan. Shuningdek, u MDH mamlakatlarining neft va gaz sohasiga kiritayotgan sarmoyalarini va mintaqaviy hamkorligini Afg‘oniston iqtisodiyotiga ham sezilarli darajada ta’sir qilishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Transport vaziri Ilhom Mahkamov Qobulga borgandi. O‘shanda “Tolibon" muvaqqat hukumati tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Afg‘onistondan bir million tonnadan ortiq ko‘mir sotib olishni rejalashtirayotganini ma’lum qilgandi.
Ma’mura To‘rayeva
LiveBarchasi