O‘zbekiston 2030 yilgacha qanday kadrlar tayyorlashi kerak? So‘z Saloxo‘jayevga

Jamiyat

O‘zbekiston 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqayotgan bir vaqtda o‘sha yillarda jahon talabiga javob beruvchi va islohotlarni qo‘llab-quvvatlovchi kadrlarni tayyorlashni hozirdanoq boshlashi kerak. Bu haqda “Dunyoning Top 100 ta iqtisodchi yoshlari” qatoridan joy olgan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti, ERGO Research and Advisory tadqiqoti direktori Rauf Saloxo‘jayev Toshkentda o‘tkazilgan “XXI asrda gender va yoshlar masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish” mavzusidagi xalqaro forumdagi nutqida ma’lum qildi.

Yosh tadqiqotchi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari, iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillari haqida fikr bildirdi.

“O‘zbekiston o‘z oldiga katta maqsad qo‘ydi. Avvalo 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulotni aholi jon boshiga to‘g‘ri kelishi bo‘yicha yangi bosqichga olib chiqish va dunyoning eng innovatsion iqtisodiyotiga ega 50 ta davlat qatoriga kirish rejalashtirildi. Mening tahlillarim dunyodagi iqtisodiy rivojlanish teng emasigini ko‘rsatdi. NASA`ning kosmik yo‘ldoshdan olgan ma’lumotlari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy rivojlanishdagi tengsizlikni ochib beradi.

Dunyo iqtisodchi tadqiqotchilari iqtisodiy o‘sishning 5 ta asosiy omili borligini ta’kidlaydi. Bular samarali ishlovchi institutlar, global savdo bilan aloqadorlik, investitsiya oqimlari, geografik joylashuv, moliyaviy institutlar bilan integratsiyalashuv. Lekin eng asosiysi, albatta, inson omili hisoblanadi. Inson kapitali qachonlardir Janubiy-sharqiy Osiyo, Yevropa, AQSH va Avstraliyada bo‘lganidek, ko‘plab davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga turtki bo‘lgan asosiy poydevor hisoblanadi.

Inson kapitali masalasida O‘zbekiston imkoniyatlariga kelsak, bu borada mamlakatda anchayin keng imkoniyatlar mavjud. O‘zbekiston innovatsion rivojlangan davlatlar qatoriga qo‘shilishi mumkin, chunki hozir ham O‘zbekistonda yoshlarning savodxonligi 100 foizga teng. Eng muhimi, Jahon banki bergan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda ishga yaroqli yoshlar ulushi 42 foizdan ortiqni tashkil qiladi va bu boshqa mintaqalarga masalan, Lotin Amerikasi yoki umuman dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan ko‘p. 2030 yilda hozirgi yoshlarning katta qismi mehnat bozoriga chiqadi. Shuning uchun biz hozir 2030 yilda mehnat bozoriga chiqadigan yoshlar olib boriladigan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi uchun qanday inson kapitaliga e’tibor qaratish kerakligini bilishimiz kerak.

Bunda eng muhim bosqich hozirdanoq sezilarli o‘zgarish va transformatsiya jarayoni boshlangan bazaviy ta’lim hisoblanadi. Bazaviy ta’limda kognitiv ko‘nikmalar, ijtimoiy kapital, ishonch va hatto chidamlilik shakllanadi. Tadqiqotlar ishonch va chidamliligi mustahkam jamiyatlar mamlakatda fundamental iqtisodiy o‘sish uchun kerak bo‘lgan uzoq muddatli silkinishlarga qodir ekanini ko‘rsatdi. Ta’kidlanganidek, bu “yumshoq” ko‘nikmalarning rivojlanishidir. Sharqiy Yevropa va Osiyodagi tadqiqotlar inson qayta malakalangan bo‘lsa, bu mehnat samaradorligiga o‘rtacha 14-15 foiz, shuningdek, uning maoshi, motivatsiyasiga salbiy ta’sir qilishini ko‘rsatdi.

O‘zbekistondagi mehnat bozoriga oid tadqiqotlar xususiy sektorda kommunikativ, jamoaviy mehnat va fikrlash kabi 3 ta muhim ko‘nikmaga ega nomzodlarga talab kattaligin ko‘rsatdi. 2030 yilgacha rivojlanishning fundametal asosini yaratish uchun hozirdanoq inson kapitalini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayotgani sezilyapti. Bularga turli rivojlantiruvchi hamda milliy strategiyalar va oliy ta’limni isloh qilish bo‘yicha dasturlar kiradi.

Shu bilan birga, 4-5 ta muhim punktlar ham mavjud. Birinchi navbatda, barcha davlat idoralarining uyushqoqlik bilan faoliyat yuritishi. Negaki, davlat yoshlarni qamrab oluvchi fundamental innovatsion dasturlar tashabbuskori bo‘ladi. Ikkinchisi, jamoatchilik va xususiy sektor o‘rtasidagi mustahkam aloqa. Bu korporativ ijtimoiy majburiyatlar bilangina cheklanib qolmasdan, bilimlar transformatsiyalashuvi kerak. Uchinchisi, inson kapitalining doimiy to‘planishini rahbatlantirish. To‘rtinchisi, 2030 yilga borib faqatgina O‘zbekiston mehnat bozorida emas, butun dunyoda raqobatbardosh bo‘ladigan ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va kerakli ko‘nikmalarni berish. 

Hozir O‘zbekiston yoshlari juda faol va ular o‘zining intellektual mahsulotiga talab borligini bilyapti. Yoshlarda ham iqtisodiyotni rivojlantirish uchun kreativ g‘oyalar bor”, deydi Rauf Saloxo‘jayev.


Maqola muallifi

Teglar

iqtisodiyot tadqiqotchi Rauf Saloxo'jaev

Baholaganlar

56

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing