O‘zbekiston Hindistondan olti turdagi mahsulotni import qilishga ruxsat berdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Hindistondan olti nomdagi mahsulot, jumladan banan, mango, soya va guruch import qiladi hamda hind bozoriga uzum, olma, olxo‘ri va gilos yetkazib berishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, kecha, 28 iyul kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Hindistonga tashrifi doirasida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari — Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev ushbu mamlakat Qishloq xo‘jaligi va fermerlar farovonligi vaziri Narendra Singx bilan muzokaralar o‘tkazgan.

Uchrashuvda ikki mamlakat so‘nggi bir necha yil ichida agrar sektorda savdoni diversifikatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgani, ammo hali ham foydalanilmayotgan imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlangan.

Tomonlar mahalliy qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarining ikki mamlakat bozorlariga o‘zaro kirib borishi uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlar yaratish orqali tovar ayirboshlash hajmini oshirish zarurligi xususida yakdil fikrga kelgan. 

“O‘zbekiston 6 nomdagi hind mahsulotlarini, shu jumladan banan, mango, soya va guruchni import qilish uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini taqdim etdi. O‘z navbatida, Hindiston tomoni uzum, anor, olma, xurmo, qalampir, pomidor, bodom va tarvuz kabi o‘zbek agrosanoat mahsulotlariga ruxsat berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda”, deyiladi xabarda.

Muzokaralarda ayrim qishloq xo‘jaligi kompaniyalarining investitsiya rejalari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Jumladan, hozirgi vaqtda Hindistonning “Indo Organics” kompaniyasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga Namangan viloyatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ymoqchi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston

Baholaganlar

165

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing