O‘zbekiston hamma joyda sharmanda bo‘lib yotibdi – Norboyeva

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining hududlardagi xodimlari buzish ishlarida ishtirok etish huquqiga ega emas. Agar ular shunday ishlarda ishtirok etsa, ularga nisbatan intizomiy chora ko‘riladi. Bu haqda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.

Shuningdek, vazir o‘rinbosari hududlardagi xodimlardan mahalliy hokimlar tomonidan majburan “snos”larga jalb qilish bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmaganini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva mamlakatdagi biror viloyat, tuman yoki shaharda fuqarolarning uyini o‘zboshimchalik bilan buzishga mahalliy hokimliklar hududdagi Ichki ishlar vazirligi xodimlarini ham jalb qilayotganiga to‘xtalib, masalaning kattalashib ketishining oldini olish uchun IIV ham o‘z xodimlaridan shikoyat kelishini kutib turmasdan odamlarning kayfiyatidan kelib chiqib chora ko‘rishi kerakligini ta’kidladi.

“Shunday holatlar (hududlarda IIB xodimlarining “snos”ga jalb qilinishi) bo‘lsa, viloyat, tuman, shahar IIB boshlig‘i chora ko‘rishi kerak. U shikoyat tushish-tushmasligiga qaramasdan odamlarning kayfiyatidan kelib chiqib, norozilikka sabab bo‘layotgan masala lovillab, respublika darajasi, dunyo miqyosiga chiqib ketmasidan o‘sha yerning o‘zida qonuniylikni ta’minlashi mumkin”, dedi Tanzila Norboyeva.

Senat raisi hududlardagi IIB boshliqlari o‘sha yerda qonun ustuvorligi uchun javobgarligini ta’kidladi.

“IIB rahbari o‘sha hududdagi tinchlikka javobgar. Hozir O‘zbekiston hamma joyda sharmanda bo‘lib yotibdi”, dedi Tanzila Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, Farg‘ona, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari hokimlari “snos” masalasida jiddiy noroziliklarga sabab bo‘lgani uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keskin tanqidiga uchradi. Davlat rahbari 3 viloyat hokimiga xalqdan uzr so‘rashni tayinlagandan keyin ular odamlardan kechirim so‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Senat snos

Baholaganlar

744

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing