Uzbekistan Airways Yevropa davlatlariga borish uchun Rossiya osmonidan uchib o‘tishni to‘xtatdi
Jamiyat
−
28 yanvar
8843Ayrim xalqaro tashkilotlar Rossiyada bo‘layotgan voqealar tufayli uning osmoni xavfsiz emas, deb hisoblamoqda. Shunga ko‘ra, O‘zbekiston havo yo‘llari ham endilikda Yevropa davlatlariga borish uchun Rossiya osmonidan uchishni to‘xtatdi. Bu haqda bugun, 28 yanvar kuni Uzbekistan Airways Aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi Yevropaga parvoz yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqqan va asosan Turkiya va Ozarbayjon orqali parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishga qaror qilgan.
“Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) bilan muhokamalardan so‘ng biz Yevropa shaharlariga parvozlar yo‘nalishlarini butunlay o‘zgartirdik. Agar ilgari parvozlarimiz Rossiya havo hududi orqali o‘tgan bo‘lsa, endi mana 20 yanvardan boshlab parvozlar Ozarbayjon va Turkiya ustidan parvoz qilmoqda. Natijada, parvoz vaqti 30-40 daqiqaga oshdi. Bu kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi, lekin biz aviachiptalar narxlarini qimmatlashtirish tomonga qayta ko‘rib chiqmadik — barcha xarajatlarni o‘zimiz qopladik”, dedi Uzbekistan Airways boshqaruv raisi.
Uning aytishicha, bu yo‘lovchilardan qo‘shimcha xarajat talab qilmaydi.
“Bu fors-major holati hisoblanadi. Shuning uchun biz bunga yo‘lovchi pul to‘lashi kerak emas, deb hisoblaymiz”, dedi u.