“Uzbekistan Airways” senatorning byurokratiya haqidagi ayblovlariga javob qaytardi
Jamiyat
−
04 Oktabr 2023
6112Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 29 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining yalpi majlisida fuqarolarning e’tirozi va korrupsiyaga sabab bo‘layotgan “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli aviakassalar faoliyati bilan bog‘liq muammolar ko‘tarilib, tanqid qilingandi. “Uzbekistan Airways” AJ vaziyatga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, fuqarolarning e’tiroziga olib kelayogan masala, ya’ni chipta xarid qilayotganda yo‘lovchi pasportining asl nusxasi talab qilinishining alohida sabablari bor. Bu fuqaro viza rejimi o‘rnatilgan mamlakatga otlanayotganida uning ushbu davlat vizasiga ega yoki ega emasliga bilan bog‘liq.
“Uzbekistan Airways” AJ BMT Xavfsizlik Kengashining 2178-sonli (2014 yildan) Rezolutsiyasining 9-bandi talablariga muvofiq, API tizimi orqali belgilangan manzillarga boradigan yo‘lovchilarning asosiy ma’lumotlarini uzatish bo‘yicha BMTning maxsus tuzilmalari qaroriga amal qilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hamda aviakompaniyaning qatnovlari bajariladigan mamlakatlarning huquqiy maydoniga muvofiq faoliyat yuritmoqda. Ushbu xalqaro reglamentga asoslanib, yo‘lovchilarning belgilangan ma’lumotlari aviachiptalarni sotishda bron qilish tizimiga kiritilishi kerak. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun viza rejimi joriy etilgan uzoq xorij mamlakatlariga aviachiptalarni sotishda yo‘lovchiga hamda aviakompaniyaga jarima sanksiyalari qo‘llanmasligi uchun “Uzbekistan Airways Sales” filiali aviakassalarida va aviakompaniya agentlaridan belgilangan mamlakatning amaldagi vizasi bilan pasport talab qilinadi”, deyiladi bayonotda.
Shu bilan birga, “Uzbekistan Airways” aviakompaniya reyslariga yo‘lovchi aviatashuvlarini sotishni tartibga soluvchi amaldagi normativ hujjatlarda (qoidalar va yo‘riqnomalar) aviakassirlardan yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxasi asosida aviachiptalarni rasmiylashtirishni talab qiluvchi bandlar yo‘qgini ma’lum qilgan.
“Uzbekistan Airways Sales” filialida yoki aviakompaniya agentlarida aviachipta sotuvi yo‘lovchilarning shaxsini tasdiqlovchi guvohnomalarning asl nusxalari asosida ham, ularning fotonusxalari asosida ham amalga oshiriladi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, chipta va pasport ma’lumotlaridagi har qanday noaniqliklar va nomuvofiqliklar jarimalarga, yoki kirish uchun asos yo‘qligi sababli yo‘lovchini jo‘nash mamlakatiga qaytarib yuborishga olib kelishi mumkin.
“Yo‘lovchini qatnovga ro‘yxatdan o‘tkazish vaqtida yo‘lovchining belgilangan ma’lumotlari O‘zbekiston Respublikasi aeroportlari yer usti xizmat ko‘rsatish xizmatlarining ro‘yxatga olish agentlari tomonidan bevosita pasportning asl nusxasidan tizimga qayta kiritiladi”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, yuzaga kelgan savollar va tushunmovchiliklarni inobatga olgan holda, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan O‘zbekiston Respublikasida va undan tashqarida aviachiptalarni sotish bo‘yicha barcha agentlarga aviachiptalarni sotib olishda yo‘lovchilar yoki ularning yaqinlari tomonidan yo‘lovchining shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalarini taqdim etish zarurati yo‘qligi to‘g‘risida navbatdagi eslatma yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov aviachipta sotishda eskirgan byurokratik usullar hamon saqlanib qolayotgani, xususan, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasining 2015 yil 25 oktyabrdagi 75-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan Yo‘riqnomaning eskirgani, undagi tegishli normalarning takomillashtirilmagani fuqarolar uchun o‘rinsiz, mantiqsiz to‘siqlarni yuzaga keltirayotganini aytgandi. Shuningdek, u Senat tomonidan 2021 yilning 19 mart kuni “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyatiga yuqorida qayd etilgan muammoni hal etish uchun Yo‘riqnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan murojaat qilinganini, joriy yilning 23 iyun kuni “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari imzosi bilan Senatga yo‘llangan javobda hech bir asossiz bu muammoni hal qilish imkonsiz ekani ma’lum qilinganini bildirdi.
LiveBarchasi