UzAirways kechikishlar va raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollarni boy beryapti – Prezident

Jamiyat

image

Uzbekistan Airways marshrutlar optimal tanlanmagani, reyslar orasi uzoqligi va kechikishlar ko‘pligi, keytering hamda texnik xizmatda raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromadni boy beryapti. Bu haqda bugun, 21 iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha qilinadigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.

Qayd etilishicha, yig‘ilishda strategik korxonalar xarajatlari ham alohida tahlil qilingan. Oldin tarmoqlar umumiy xarajatlarni foizda qisqartirib, tannarx kamaygani haqida hisobot bergan. Bir birlik mahsulot tannarxi bo‘yicha tahlil esa haqiqiy holatni ko‘rsatgan. 

Masalan, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1 unsiya oltin tannarxi 8,2 foizga oshgan. Jami xarajatlar o‘tgan yilga nisbatan 6,2 trillion so‘mga yoki 22 foizga ko‘paygan.  

O‘zbekiston metallurgiya kombinatida po‘lat sharlar ishlab chiqarish tannarxi 5,4 foizga, “O‘zkimyosanoat”da karbamid bo‘yicha 11,1 foizga, ammiakli selitra bo‘yicha 8,3 foizga oshgan. 

“Franklin Templeton” IPO’ga chiqishi kerak bo‘lgan 13 ta yirik kompaniyani tahlil qilib bergani qayd etilgan. 

Uzbekistan Airways misolida marshrutlar optimal tanlanmagani, reyslar orasi uzoqligi va kechikishlar ko‘pligi, keytering hamda texnik xizmatda raqobat yo‘qligi sababli 120 million dollar daromad boy berilayotgani ko‘rsatib o‘tilgan.

Qayd etilishicha, kelgusi o‘n yilda energetika infratuzilmasi uchun 8 milliard dollar talab etiladi. Shu bilan birga, tarmoqlardagi yo‘qotishlarni kamaytirish orqali daromadni oshirish bo‘yicha yetarli ish olib borilmayapti. Olti oyda elektr energiyasi yo‘qotishi 17,2 foizni yoki 4,8 milliard kilovatt-soatni tashkil qilgan. 

Gaz tarmog‘idagi yo‘qotishlar 7,6 foizga, ya’ni 797 million kub metrga yetgani aytilgan. Hududiy gaz tarmoqlari korxonalarida mehnat unumdorligi qo‘shni davlatlarga nisbatan 1,5-2 barobar pastligi qayd etilgan. 

“Franklin Templeton” tahlillariga ko‘ra, “Hududiy elektr tarmoqlari” bozor qiymatini 2 barobarga oshirish mumkin. 

Shuningdek, Uzbekistan Airways bozor qiymatini 40 foizga, “O‘zbektelekom”nikini 50 foizga oshirish imkoniyati bor.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing