O‘zbek va turk quruvchilari janjali: Turkiya fuqarolari mamlakatiga qaytarib yuborildi
Jamiyat
−
20 noyabr 2019
11057Avvalroq, joriy yilning 6 noyabr kuni Samarqand shahar, Qora-suv massivi, Obod Maskan mahallasi hududida qurilayotgan ko‘p qavatli uylar ishchilari o‘rtasida janjal kelib chiqqani, ommaviy mushtlashuv ishtirokchilari Turkiya va O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgani haqida xabar bergan edik.
Surishtiruv jarayonida shahar ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Turkiya fukarolaridan 4 nafari jabrlanuvchi, 11 nafari janjalda ishtirok etgan faol guvoh tariqasida ushbu jinoyat ishiga jalb etilgan.
Ushbu qurilish ishlarida qatnashgan 73 nafar turk fuqarolarning barchasi mamlakatiga qaytarilib yuborilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar bermoqda.
Ichki ishlar vazirligi ushbu janjalning asl sabablarini quyidagicha ochiqlagandi.
Samarqand shahar, Qora suv massivi, Obod Maskan mahallasi hududida “Agromir Bilding” MCHJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavvatli uylarning qurilish maydonida qurilish-montaj ishlarini olib borayotgan, Turkiya davlati fuqarolari bilan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari o‘rtasidagi kelishmovchilik oqibatida, o‘zaro tan jarohatlari yetkazilgan.
Surishtiruv jarayonida, mazkur janjal 1996 yilda tug‘ilgan Payariq tumani “Toxirshayx” mahallasida yashovchi, yakka tartibda mavsumiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi o‘zbek fuqarosi S.P. “Agromir Bilding” MCHJ tomonidan yollangan quruvchi-montajchi bir nechta turk fuqarolari bilan olovda isinish bahonasidan kelib chiqqanligi, shundan so‘ng u avjiga chiqib, yuzaga kelgan janjalga qurilishga yollangan boshqa O‘zbekiston fuqarolari aralashib bir birlariga tan jarohatlari yetkazilganligi aniqlangan.
Qayd etilishicha, Samarqanddagi qurilish ishlariga 1.800 dan ziyod O‘zbekiston Respublikasi hamda 200 dan ortiq Turkiya davlati fuqarolari jalb etilgan.
Ushbu holat natijasida Turkiya davlati fuqarolaridan to‘rt nafari va mahalliy fuqarolardan bir nafari yengil tan jarohati olgan.
Shuningdek, 7 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining jabrlanganligi, jinoyat ishidagi ishtirokchilik va ayblilik darajasiga tergov harakatlari davomida to‘liq aniqlik kiritiladi.
LiveBarchasi