O‘zbek-qozoq postlari kuchaytirilgan rejimda ishlayotgani aytilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston va Qozog‘iston chegara-bojxona postlari kuchaytirilgan rejimda ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, joriy yilning 24 may kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston bojxona xizmatlarining ikki tomonlama sayyor uchrashuvi bo‘lib o‘tgan. Uchrashuv doirasida shu kunlarda ikki davlatlar chegara o‘tkazish punktlarida kuzatilayotgan yuk avtotransport vositalarining tirbandligi masalasiga yechim topish bo‘yicha takliflar berilgan. Xususan, kunduzgi vaqtda faoliyat yurituvchi “Malik” (O‘zbekiston) – “Sirdaryo” (Qozog‘iston) o‘tkazish punktini sutkalik rejimga o‘tkazish, shuningdek, harakatlanayotgan haydovchilarning fuqaroligi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan davlatga doir cheklovlarni bekor qilish ilgari surilgan.

Shuningdek, “Yallama” (O‘zbekiston) – “B. Konisbayev” (Qozog‘iston) chegara-bojxona postlari orqali yuk avtotransport vositalarining o‘tkazuvchanligini sutkasiga 700 tagacha kengaytirish taklif etilgan.

Ma’lumot uchun, so‘nggi 5 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi avtotransport vositalari orqali tashilayotgan tashqi savdo yuklari 2 barobarga oshgan. 2023 yilning 4 oyi davomida O‘zbekiston-Qozog‘iston davlat chegarasi orqali 331 ming 672 ta avtotransport vositalari harakatlangan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 160 ming 689 tani tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bir necha kun avval Qozog‘istonning O‘zbekiston bilan chegaradosh Turkiston viloyatidagi bojxona postida yuzlab yuk mashinalar tirbandlikda qolib ketayotgani aytilgan edi. Yuk mashinalarining tirbandlikda qolib ketishiga “Qoplonbek” postida olib borilgan rekonstruksiya ishlari sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston O'zbekiston post

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing