O‘zbek-qozoq chegarasini belgilashga oid shartnoma ratifikatsiya qilindi
Jamiyat
−
03 iyul 2023
5066O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida O‘zbekiston – Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi Shartnoma ratifikatsiya qilindi. Bu bo‘yicha joriy yilning 30 iyun kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Qonun imzoladi.
Shartnoma bilan O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini belgilash bo‘yicha ishlar to‘liq yakunlandi hamda chegara xavfsizligi va daxlsizligini ta’minlash uchun eng muhim shart-sharoitlar yaratildi.
Ma’lumot uchun, mazkur masala bo‘yicha shartnoma hujjati 2022 yil 21 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevning O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda imzolangan.
Shartnomaga ko‘ra, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi Davlat chegarasining demarkatsiya qilingan chizig‘i uzunligi 2356 kilometrdan ortiqni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 mart kuni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risidagi shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzolagan edi. Shuningdek, 2023 yilning 23 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining qirq ikkinchi yalpi majlisida senatorlar tomonidan “O‘zbekiston-Qozog‘iston Davlat chegarasini demarkatsiya qilish to‘g‘risi”dagi shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ma’qullangan edi.
LiveBarchasi