O‘zbek-qirg‘iz chegarasini buzib o‘tganlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
29 yanvar 10467 2 daqiqa
Namangan viloyatida o‘zbek-qirg‘iz chegarasini noqonuniy kesib o‘tib, Qirg‘izistondan qo‘y olib kirmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati va Kosonsoy tumani Ichki ishlar bo‘limi tezkor xodimlari tomonidan hamkorlikda joriy yilning 20 yanvar kuni olib borilgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida doimiy ravishda davlat chegarasini buzib, noqonuniy tovar boyliklar va odamlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingan.
Ma’lum bo‘lishicha, Kosonsoy tumani Abdurahmon Jomiy MFYda yashovchi shaxs shu tumanning “Gulbog‘” va “Chorbog‘” mahallalarida yashovchi 4 nafar tanishi bilan Kosonsoy tumani “Bahoriston” MFYdagi Qirg‘iziston bilan davlat chegarasini sim to‘siq tortilgan qismidan buzib o‘tgan. Ular Qirg‘iziston Respublikasi Olovoqa tumani “Baymoq” ovulida yashovchi tanishining oldiga borgan va u yerdagi qo‘ylarni chegarani buzib, O‘zbekistonga olib o‘tmoqchi bo‘lgan. Biroq, ular o‘zaro kelisha olmagan va Qirg‘iziston fuqarosi qo‘ylarni bermasligini aytib, guruhni qirg‘iz-o‘zbek chegarasining Kosonsoy tumani “Rovot” MFY hududi bilan chegaradosh qismiga olib borgan.
5 nafar qonunbuzar o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasining sim to‘siq tortilgan qismini noqonuniy ravishda kesib o‘tib, Kosonsoy tumani “Rovot” MFY hududiga o‘tgan vaqtida tezkor xodimlar va chegara harbiylari tomonidan qo‘lga olingan.
Bildirilishicha, mazkur holat bo‘yicha Kosonsoy tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 223- moddasi (qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘onada 80 dona telefonni hech qanday tekshiruv va bojxona to‘lovlarisiz chegaradan o‘tkazib yuborish evaziga 5000 dollar talab qilgan bojxona posti rahbari ushlangandi.
Live
Barchasi