O‘zbek futbolchilarining qanday bizneslari bor?
Tahlil
−
26 fevral
45167Dunyoga mashhur sportchilar, xususan, futbolchilar sportdan tashqari biznes bilan shug‘ullanishi bor gap. Shu orqali o‘z nomini brend darajasiga ko‘targanlar ham talaygina. O‘zbek futbolchilari orasida ham sportdan tashqari hayotda biznes bilan ham shug‘ullanib turadiganlari anchagina. E’tiboringizga Jaloliddin Masharipov, Otabek Shukurov, Sanjar Tursunov kabi futbolchilarning yurib turgan bizneslari haqidagi maqolani havola etamiz.
Otabek Shukurov
Futbolchilik faoliyati davomida “Mash’al”, “Bunyodkor”, “Sharja”, “Fotih Karagumryuk”, “Al-Fayha” klublarida to‘p tepgan o‘yinchi sportdan tashqari biznes yuritish bilan ham shug‘ullanadi. Qarshi shahrida joylashgan “Sh****” savdo kompleksi, Turkiyada ishlab chiqariladigan, ammo O‘zbekistonda ham ko‘plab xaridorlarga ega “G****” moxito ichimligi, Qashqadaryo viloyati markazida “Ch******” bolalar bog‘chasi kabilar Otabek Shukurovga qarashli. Otabek Shukurovning yirik bizneslaridan biri “Sh*****” savdo kompleksi 2021 yil 22 fevral kuni ishga tushgan. Ushbu savdo majmuasi Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida joylashgan va majmua maishiy elektronik texnika, mebel, sport zal, oziq-ovqat do‘konlarini o‘z ichiga oladi.
Sanjar Tursunov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi va “Irtish”, “Volga NN”, “Alaniya”, “Lokomotiv”, “Orenburg”, “Vorskla”, “Umm Salal”, “Al-Xartiya”, “Tejon”, “Bunyodkor”, OKMK klublarida faoliyat olib borgan Sanjar Tursunov ham biznes sohasiga begona emas. Futbolchi dastlab Moskva shahrida “L******” barini ochgan. Keyinroq ushbu biznesni Toshkentda ham davom ettiradi. 2021 yilning 23 sentyabrida “L******” Labzakda faoliyatini boshlaydi.
Jaloliddin Masharipov
Saudiyaning “Al-Nasr” klubida biroz muddat jahon futbol yulduzi Krishtianu Ronaldu bilan birga to‘p tepgan Jaloliddin Masharipov ham yuqorida sanab o‘tgan jamoadoshlari kabi biznesda ham o‘z o‘rniga ega. “M*************”, “X*******” kafeteryasi, “J*******” telefon va aksessuarlar do‘koni, “J***********” qurilish kompaniyasi kabilar Masharipovga tegishli. Futbolchining eng yirik bizneslaridan biri aynan qurilish kompaniyasi hisoblanadi va ushbu kompaniya tomonidan 2023 yildan turarjoy majmualari qurilishi boshlangan. Ayni damga kelib, mazkur uy kalitlari o‘z egalariga topshirilmoqda. Masharipovning yana bir biznesi bu oddiy qilib aytganda dacha. Ushbu dacha Toshkent viloyatida joylashgan va “Oq uy” deb nomlangan. Ushbu dacha Masharipovga qurib bitishini hisobga olib, umumiy 400 ming dollarga tushgan. Futbolchi u yerda oilasi bilan ta’tilga chiqqanida kelib dam olib ketadi. Bundan tashqari, dachani ijaraga berib, har mavsum 30 ming dollardan foyda qiladi.
Sardor Rashidov
O‘zbekiston milliy terma jamoasi sobiq futbolchisi va faoliyati davomida “So‘g‘diyona”, “Bunyodkor”, “Al-Jaish”, “Al-Jazira”, “Lokomotiv”, “Nasonal”, “Qatar SK”, “Paxtakor”, “Al-Quvayt”, “Umm Salal”, “Dubay Siti”, “Navbahor” kabi klublarda to‘p tepgan Sardor Rashidov ham biznes sohasida bir qancha yutuqlarga erishdi. Jizzax shahrida “S***********” trenajyor zali, “S*********” sport ozuqalari onlayn do‘koni Sardor Rashidovga tegishli hisoblanadi. Shuningdek, futbolchi BAAda o‘ziga tegishli bo‘lgan villani ijaraga berib, yiliga 200 ming dollar foyda ko‘radi.
Ulug‘bek Baqoyev
Futbolchilik faoliyatida O‘zbekiston milliy terma jamoasi tarkibida mehmonda Eronga urgan goli bilan muxlislar yodida qolgan Ulug‘bek Baqoyev sportdan tashqari biznezda ham o‘z o‘rniga ega. Ayni damda futbolchilik faoliyatini yakunlab, murabbiylikka o‘tgan Baqoyevning “N****” restorani faoliyat olib borayotgandi. Ammo Toshkent shahrining markazida joylashgan ushbu restoranda ayni damga kelib, qurilish ishlari olib borilayotgani sabab ish faoliyatida tanaffus kuzatilmoqda.
Yuqoridagi ma’lumotlar futbolchilar o‘zi bergan intervyulari va tasdiqlangan ma’lumotlar asosida taqdim etildi. Albatta, yuqorida sanab o‘tilgan har bir futbolchi faoliyati davomida O‘zbekiston terma jamoasi uchun anchagina mehnati singgan va muxlislar hurmat-e’tiboriga sazovor bo‘lgan. Ularning futboldan tashqari qanday bizneslar bilan shug‘ullanishi haqidagi ma’lumotlar muxlislar e’tiboridan chetda qolmaydi.
LiveBarchasi