O‘zbek adabiyoti og‘ir judolikka uchradi

Madaniyat-san’at

image

Bugun, 16 mart kuni O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ortiqboy Abdullayev vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.

Taniqli adabiyotshunos olim, mohir tarjimon Ortiqboy Abdullayev 1943 yil 22 mayda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumani Xumson qishlog‘ida tug‘ilgan. 1966 yilda Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi filolog, o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi. 1980 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, 1981 yili filologiya fanlari nomzodi bo‘ldi.

Ortiqboy Abdullayev mehnat faoliyatini o‘qituvchilikdan boshlagan. U pedagogika institutida ilmiy xodim, “O‘zbekiston madaniyati”, “O‘zbekiston ovozi” gazetalarida adabiy xodim, “Sharq yulduzi”, “Sog‘lom avlod uchun”, “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi”, “Jahon adabiyoti” jurnallari va “O‘qituvchi” nashriyotida bo‘lim mudiri, “Cho‘lpon” nashriyotida bosh muharrir vazifalarida ishlagan.

Abdullayevning “She’riyatning tiniq osmoni”, “Ijodning qo‘sh qanoti”, “Qalbga ochilgan yo‘l”, “Yuragimga yozilgan yillar” nomli kitoblari nashr etilgan. Shuningdek, olimning bir qator maqolalari xorijiy tillarga tarjima qilingan.

U 1991 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” unvoniga sazovor bo‘lgan.

Abdullayevning janoza namozi ertaga, 17 mart kuni soat 13:00da Xumson qishlog‘idagi masjidda o‘qiladi.

Eslatib o‘tamiz, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, oliy ta’lim a’lochisi Karim Oybekovich Egamqulov shu yilning 14 fevral kuni 87 yoshida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Ortiqboy Abdullaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar