“O‘zaviatsiya” o‘zboshimcha Rossiya aviakompaniyasining Namangan–Moskva reysini bekor qildi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda “Yamal” aviakompaniyasining Moskva – Namangan – Moskva yo‘nalishi bo‘yicha LLM9205/9206 aviaqatnovi bekor qilingani haqida ma’lumotlar tarqaldi. “Uzbekistan Airports” mazkur vaziyatga izoh berdi.

Kecha, 13 oktyabr kuni Rossiyaning “Yamal” aviakompaniyasining bortida 220 yo‘lovchi bo‘lgan havo kemasi Moskva vaqti bilan soat 15:40da “Domodedovo” aeroportidan Namanganga uchishi rejalashtirilgan edi. Aviakompaniya aviaqatnovni amalga oshirish uchun nazorat qiluvchi organ – “O‘zaviatsiya” agentligiga tegishli so‘rovnoma yubormaganligi bois, ushbu charter reysi amalga oshirilmadi.

Namangan xalqaro aeroportining ushbu aviaqatnovni bekor qilinishiga xech qanday aloqasi yo‘q. Aeroport xodimlari Toshkent vaqti bilan soat 23:00 da Namangandan Moskvaga uchishi kerak bo‘lgan yo‘lovchilarga yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha atroflicha ma’lumot taqdim etgan.

O‘zbekiston Transport vazirligi ham holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Qayd etilishicha, yo‘lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga rioya etishni ta’minlash maqsadida “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan aviakompaniyalarga O‘zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ “O‘zaviatsiya”dan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to‘g‘risida ogohlantirish xati yuborilgan.

“Yamal” aviakompaniyasi ushbu ogohlantirishga qaramay tegishli ruxsatnomani olmasdan turib, qo‘pol ravishda talablarni buzib, joriy yilning 13 oktyabr kuniga  Moskva – Namangan – Moskva yo‘nalishlarida charter parvozlari uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. 

Natijada aviachiptada ko‘rsatilgan vaqtda yo‘lovchilar aerovokzallarga kelishgan va belgilangan yo‘nalishda parvozning bajarilmasligi yo‘lovchilar o‘rtasida ijtimoiy keskinlikka olib kelgan.

Shunga qaramay, vaziyatni inobatga olgan holda “O‘zaviatsiya” agentligi aviakompaniyaga zudlik bilan ushbu reysni amalga oshirishga ruxsat olish uchun so‘rovnoma berishni taklif qilgan, biroq aviakompaniya ekipajning ish vaqti tugagani va boshqa ekipajlar yo‘qligi sabab parvozni amalga oshirishdan bosh tortgan.

Shu munosabat bilan “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan “Yamal” aviakompaniyasiga charter parvozlarni tashkillashtirishda O‘zbekiston Respublikasi talablariga kat’iy rioya etilishi shartligi to‘g‘risida ogohlantirish yuborilgan. Ta’kidlanishicha, aviakompaniya tomonidan bunday holat takrorlangan taqdirda “O‘zaviatsiya” agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

396

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing