O‘z uyida bo‘ri boqayotgan yigit qo‘lga olindi
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
20480Jizzax viloyati Zomin tumani “Turkman” MFYda yashovchi fuqaro o‘z xonadonida bo‘rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotgani aniqlandi. Bu haqda Tabiat resurslari vazirligi ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda Sirdaryo viloyatida o‘tkaziladigan ko‘pkari uchun Zomin qo‘riqxonasidan bo‘ri olib kelinishi haqida tarqalgan xabar Jizzax viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ekologik nazorat inspeksiyasining Zomin tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tezkorlik bilan o‘rganildi. O‘rganish davomida Zomin tumani “Turkman” MFYda yashovchi K.G‘. ismli fuqaro o‘z xonadonida bo‘rini noqonuniy tarzda tutqunlikda saqlab kelayotganligi aniqlandi”, deyiladi xabarda.
Shu sababli fuqaro O‘zbekiston Respublikasining “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunining 4, 32, 33-moddalari talablarini buzganlikda ayblanmoqda. Shundan kelib chiqib, fuqaroga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 90-moddasi 1-bandiga asosan BHMning 10 baravari, ya’ni 3 mln so‘m miqdorida jarima belgilangan.
Ta’kidlanishicha, ayni paytda davlat inspektorlari tomonidan bo‘rini tabiat qo‘yniga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi tog‘li hududda “Qizil kitob”ga kiritilgan qo‘ng‘ir ayiq bolasi o‘ldirib ketilgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi