O‘z qizidan kaltak yegan nogiron onaxonga himoya orderi berildi

Jamiyat

image

Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro o‘zining nogiron onasini urayotgani aks etgan videolavha tarqalgandi. Ushbu videoda aks etgan onaxonga himoya orderi rasmiylashtirilib berildi. Bu haqda viloyat IIB Matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Qarshi shahar “Shayxali” MFY 18-yotoqxonada yashovchi fuqaro O.Ximmatova onasi A.Mengayevaga ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazganligi uchun A.Mengayevaga himoya orderi rasmiylashtirilib berilgan.

Avvalroq viloyat IIB holat yuzasidan batafsil ma’lumot bergandi

Unga ko‘ra, Qarshi shahar, “Shayxali” mahallasi Bo‘ztepa ko‘chasi, 18-yotoqxona, 56-xonada yashovchi fuqaro X.O. onasi, 1-guruh nogironi M.A. bilan birga yashab keladi.

Joriy yilning 13 iyul kuni X.O. onasi, 1-guruh nogironi M.A.ni O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi binosi oldiga hokimiyat vakillaridan pul undirish maqsadida olib kelgan.

X.O. onasi, 1-guruh nogironi M.A.ni yuqoridagi manzilda qoldirib o‘z ishlari bilan ketib, qaytib kelgach, onasiga “nega hokimiyat vakillaridan pul so‘ramading?!” deb tahqirlagan.

Ma’lum qilinishicha, X.O. va uning oilasiga 2020 yil yanvar oyidan 2021 yil iyul oyigacha oziq-ovqat va naqd pul shaklidagi 56 mln 500 ming so‘m moddiy yordam berilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan “Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan ularga uy-joy ajratilgan bo‘lib, keyingi to‘lovlarni to‘lashga imkoni yo‘qligi bois, 2021 yil 21 yanvar kuni 3-sonli to‘lov topshiriqnomasiga asosan Qarshi shahar “Ipoteka bank” ATIB Qashqadaryo viloyat filiali tomonidan 28 mln 634 ming 93 so‘m mablag‘ X.O.ga berilgan hamda Qarshi shahar hokimligi tomonidan 0,2 sotix yerga uy-joy qurish uchun yer ajratilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi oxirida Toshkent shahrida 1991 yilda tug‘ilgan ayol katta ko‘chadan eridan kaltak yegandi. Unga ham holat yuzasidan himoya orderi taqdim qilingan. Biroq ayol uni olishdan bosh tortgan. Qayd etish kerakki, u hatto shikoyat bilan biror joyga murojaat ham qilmagan.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda himoya orderi 2019 yil 2 sentyabr kuni xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risidagi qonun bilan birgalikda qabul qilingan. Himoya orderi bu – tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga davlat himoyasini taqdim etuvchi hujjat xisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

286

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing