“Uyni buzguncha, kallangni buz”. 2019 yilda qolayotgan o‘tkir nutqlar

Tahlil

image

Tugab borayotgan 2019 yil o‘tli, otashli nutqlarga boy bo‘ldi. To‘g‘ri, qovun tushirganlar ko‘p, ammo bu ham bir jarayon. Odamlar, ayniqsa, katta-kichik rahbarlar endi-endi gapirishni, muloqot qilishni, qog‘ozda bajargan ishlarini so‘zga chiqarib, tushuntirib berishni o‘rganyapti. Shuning uchun ham bu yil turli-tuman asossiz, kulgili va o‘z navbatida jiddiy nutqlarga ham boy yil bo‘ldi. Keling, mansabdor shaxslar tomonidan aytilgan jiddiy so‘zlardan bir necha misollar keltirsak.

Shavkat Mirziyoyev: Uyni buzguncha, kallangni buz! 

Картинки по запросu "шавкат мирзияев преzidент uзбекистана""

Joriy yil 2 avgustda o‘tkazilgan videoselektorda davlat rahbari 3 viloyat hokimiga, ya’ni Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev, Qashqadaryo viloyati (sobiq) hokimi Zafar Ro‘ziyev va Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanovga noqonuniy “snos”lar masalasida tanbeh bergandi. Farhod Ermanovning “dushmanlik” qilganini aytib, Zafar Ro‘ziyevni Qashqadaryo “vallomati” deb atagan Prezident dakki berish navbatini Farg‘ona viloyat hokimiga qaratdi.

“Mana, odamlar izohlarda yig‘layapti, sening rasming yo‘q, Prezidentning rasmi bor, ko‘rgin internetda. Sen noinsof borib, Ermanovga o‘xshab ahmoqlarcha “buza, buz” deysan. Buzishdan avval sen o‘z kallangni buz”, degan edi Shavkat Mirziyoyev. 

Tanzila Norboyeva: Hozir O‘zbekiston hamma joyda sharmanda bo‘lib yotibdi

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Toshpo‘latov Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi yalpi majlisida “snos”lar bo‘yicha shikoyatlar kelib tushmaganini aytdi. Bunga javoban Senat raisi quyidagicha javob berdi:

“Shikoyat tushish-tushmasligiga qaramasdan odamlarning kayfiyatidan kelib chiqib, norozilikka sabab bo‘layotgan masala lovillab, respublika darajasi, dunyo miqyosiga chiqib ketmasidan o‘sha yerning o‘zida qonuniylikni ta’minlashi mumkin. IIB rahbari o‘sha hududdagi tinchlikka javobgar. Hozir O‘zbekiston hamma joyda sharmanda bo‘lib yotibdi”. 

Bosh vazir: Tanqid bor, munosabat yo‘q. Demak hammasi to‘g‘ri ekan-da?

Shu yil iyul oyida Bosh vazir Abdulla Aripov OAV bo‘yicha selektor o‘tkazdi. Unda bir qator davlat tashkilotlarini tanqid ostiga oldi. 

“Tashkilotlar o‘zlari haqidagi tanqidiy chiqishlarga munosabat bildirishi, kerak bo‘lsa xalqning oldida hisobot berishi shart. Agar noto‘g‘ri axborot berilgan bo‘lsa, bunga ham munosabat bildirish kerak. Buni kim tashkil qiladi? O‘sha tashkilotlardagi axborot xizmati xodimlari. OAVda barcha organlar ishi yuzasidan tanqidiy materiallar e’lon qilinmoqda, ammo ko‘pchilik ularga munosabat bildirmay, tomoshabin bo‘lib turibdi. Tanqid bor, lekin munosabat yo‘q. Demak hammasi to‘g‘ri ekanda? Tanqiddan xulosa qilindimi yo‘qmi, bildirish kerak”.

Nig‘matilla Yo‘ldoshev: Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir 

Sobiq Senat raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev shu yil iyul oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining kengaytirilgan majlisida ma’ruza qilgan va Islomdan misol keltirgan edi.

“Birgina misol: Islom dinining “Pora olgan ham, uni bergan ham do‘zaxiydir”, degan qat’iy hukmi barcha zamonlar uchun bu illat jamiyatning “bosh og‘rig‘i” bo‘lib kelganidan dalolatdir. Afsuski, jamiyatni bu kasallikdan batamom xalos etishning hamma uchun birdek maqbul vositasi haligacha o‘ylab topilmagan”.

Sodiq Safoyev: Oppozitsiya o‘zi shakllanishi kerak, “yuqoridan” tuzilishi emas

Bu haqda Senat raisi o‘rinbosari “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” debatlaridan biridagi ishtirokida aytib o‘tdi.  

“Hech qachon muxolifat, oppozitsiya sun’iy ravishda, kimdir tomonidan tuza olmaydi. Siz oppozitsiyani tuzishni kimdan kutyapsiz? Hukumat o‘ziga o‘zi oppozitsiyani tuzishi kerakmi? 

Oppozitsiya jamiyatning palagidan, o‘zi, asta-sekin, tabiiy o‘sib kelishi kerak. Bu siyosiy ongga, siyosiy muhitga va eng muhimi, qonun muhitiga bog‘liqdir”. 

Shuhrat Abdurahmonov: Jurnalistika birinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarildi

Bu haqda u 19 oktyabr kuni “Open Andijan” birinchi xalqaro investitsiya forumi vaqtida aytib o‘tgan. 

“OAV to‘rtinchi hokimiyat deyiladi. O‘ylashimcha, bugun O‘zbekistonda jurnalistika birinchi hokimiyat darajasiga ko‘tarildi. Men jurnalistlar bilan ishlashga, qanday savollar bo‘lsa, javob berishga hamisha tayyorman”.

Komil Allamjonov: Orqaga yo‘l xohlasak ham yo‘q, buning uchun faqat internetni o‘chirib qo‘yishimiz kerak

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov bu so‘zlarni 20 dekabrdagi matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“Axborot maydonida bitta odamning ovozi baland eshitiladimi yoki shovqin bo‘lsami? Albatta, bitta odamning. Ular qancha kam bo‘lsa, shuncha ta’sirchanlik kuchi yuqori bo‘ladi. Aytmoqchimanki, bugun orqaga yo‘l bor-yo‘qligini biz belgilamaymiz. Bu – bugungi davr talabi. Orqaga yo‘l xohlasak ham yo‘q, buning uchun faqat internetni o‘chirib qo‘yishimiz kerak. Faqat shundagina biz o‘z yo‘limizdan to‘xtashimiz mumkin”.

Prezident maslahatchisi: Siz oldin berilgan pulni hazm qilib oling

Bu gapni yaqinda Bosh prokuratura tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga qarata aytib o‘tdi

Sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya muammosini tanqid qilar ekan Shodmonovga “Siz berilgan pulni hazm qiling! Shundagina qolganini gaplashaylik. Mana, birinchi masala”, deya ta’kidladi. 

Zokir Almatov: Salim Abduvaliyev jinoyatchi emas

1991-2006 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri sifatida faoliyat yuritgan Zokirjon Almatov QALAMPIR.UZ nashriga bergan intervyusida bu haqda ta’kidlagan.

“Salim Abdevaliyev “ko‘cha”ning bolasi bo‘lmagan. U eskidan biznes bilan shug‘ullangan. Uning otasi oddiy dehqon, kolxoz raisi bo‘lgan. Men bu insonni juda yaxshi bilaman. Uning qo‘li qonga bulanganini yoki boshqa narsalarni men eshitmaganman, ko‘rmaganman. U o‘ziga yarasha katta aqlga ega, obro‘ga ega odam. 

Xalqimizni ichida shu inson to‘g‘risida har xil gaplar chiqib ketdi. Agar u jinoyat sodir etganida, ayab o‘tirilmasdi. O‘sha sovet paytidayoq jinoiy javobgarlikka tortilib ketgan bo‘lar edi”.

Alisher Qodirov: YeOIIga a’zo bo‘lish mamlakatimizga foydadan ko‘ra ko‘proq salbiy oqibatlar olib keladi

O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi lideri Xalqaro matbuot markazida partiyalar o‘rtasidagi debatda bu haqda aytib o‘tdi

“Bizning partiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish  mamlakatimizga foydadan ko‘ra ko‘proq salbiy oqibatlar olib keladi, deb o‘ylaymiz. Shu boisdan, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo sifatida emas, balki savdo-sherikchilik yoki kuzatuvchi sifatida qo‘shilishini qo‘llaymiz”.

Deputatlar: Maktabga qabul tizimining yangi tartibi Konstitutsiyaga zid

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Abdurashid Abduqodirov va Rasul Kusherbayev Toshkent shahridagi maktablarda yangi o‘quv yilidan bolalarni 1-sinfga qabul qilishning yangi tizimi joriy etilishiga o‘z e’tirozlarini bildirdi.

Bu deputatlar “Ta’limda korrupsiyaning oldini olishmi yoki taka bo‘lsin, sut bersinmi? Nega Konstitutsiyamiz va qonun normasiga zid hujjatlar qabul qilinmoqda?” nomli maqola e’lon qilishdi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

101

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing